Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes - Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas - Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Muso al-Tamariy: «Iordaniya termasi - JCH chiptasiga real da’vogar»

Muso al-Tamariy: «Iordaniya termasi - JCH chiptasiga real da’vogar»

Baho:
+ | -
Bo'lim: OSIYO / Futbolchilar
Rukn: Intervyular

Iordaniya futbolining bugungi yulduzi Muso al-Tammariyning ota-onasi vaqtida uning kelajagi bo‘yicha qarama-qarshi fikrlarga ega bo‘lishgan.

Manbalarda yozilishicha, onasi Musoni o‘qish va ilm olishga undagan, otasi aksincha, o‘g‘lini jahon darajasidagi futbolchi sifatida ko‘rishni xohlagan, bunga chin yurakdan ishongan ham. Yigitchaning o‘zi esa yoshligida «Shabab Al-Ordon» (Iordaniya) klubi yoshlar tizimidagi mashg‘ulotlar to‘lovini qoplashda oilasiga ko‘maklashish uchun Ammandagi novvoyxonada ham ishlagan. Asosiysi, shunday mashaqqatli yo‘l al Tammariyga muvaffaqiyat sari intilishda yanada qat’iylik bag‘ishlaydi va u tez orada professional faoliyatini xorijda yuksaltirishga qaror qiladi. Muso shu tariqa 2018 yili Kiprning APOEL klubiga o‘tish orqali katta maqsad sari birinchi qadamini tashlaydi. O‘sha vaqt yigitcha atigi 20 yoshda edi, muhimi, iordaniyalik iste’dod tetik o‘yinlari bilan tezda Yevropaning boshqa klublari e’tiborini tortadi. Yakunda dribling salohiyati yuqori hujumchi Belgiya chempionati orqali Fransiyaning «Monpelye» klubiga o‘tadi. 

Osiyo kubogi-2023da yangi darajaga ko‘tarilganini isbotlagan Iordaniya milliy jamoasi esa Yevropaning kuchli 5ta ligasida o‘ynayotgan yagona vakili yordamida OFK miqyosidagi JCH-2026 saralashi ikkinchi bosqichini a’lo natija bilan yakunladi. Ortda qolgan dovonda 5ta gol urish asnosida jamoa muvaffaqiyatiga katta hissa qo‘shgan Muso al Tammariy endi hamyurtlari bilan Shimoliy Amerika hududida bo‘ladigan mundial yo‘llanmasini bron qilish va Iordaniya futbolida yangi sahifa ochishdan umidvor. 27 yoshli hujumchi FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida ham bu borada dangal gapirdi. U jumladan, suhbat jarayonida Iordaniya terma jamoasining taraqqiyotiga to‘xtalib, bunda marokashlik murabbiy Husayn Ammuta ta’siri juda kuchli ekanligini ochiq e’tirof etdi.

- Iordaniya termasi oxirgi Osiyo kubogida juda tetik o‘ynab, 2-o‘rinni egalladi. Ochig‘i, sizlardan hech kim bunday natija kutmagandi. Xo‘sh, Iordaniya futboli uchun tarixiy va hayratlanarli muvaffaqiyatning siri nima?

- Sirmi? Aslida hammamiz Qatar turnirida ancha uzoqqa borishga qurbimiz yetishini bilardik, jamoada ishonch hissi yuqori edi. Umuman, futbolimizda hamisha iqtidorli yigitlar ko‘zga tashlanishardi, faqat yillar davomida milliy jamoa o‘yin tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagandi. Osiyo kubogidan oldin esa yangicha, ancha tajovuzkor uslub bo‘yicha o‘yin sxemasi tuzildi. Qatarda natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, kuchli jamoaviy ruh va hamjihatlik bilan nazarga tushishimizga ishondik. Muxlislarimiz ham butun turnir davomida bizni faol qo‘llab-quvvatlab, faqat oldinga chorlashdi. Shukrki, hamyurtlarimizga futbol vositasida quvonch ulashish uddasidan chiqdik.

- Umuman, OK-2023 jamo­a­-ngiz kayfiyatini nechog‘li o‘zgartirdi? Iordaniyalik muxlislarning chiroyli qo‘llab-quvvatlashlarini qanday izohlaysiz?

- Albatta, final yigitlarni to‘lqinlantirib yuborgani tayin. Har holda, hozir o‘z salohiyatimizga har qachongidan kuchliroq ishon­yapmiz. Muxlislarimizga kelsak, ular azaldan o‘ta faollar. Osiyo kubogidan keyingi JCH saralash o‘yinlarida esa yanada ishtiyoqqa to‘lishgani yaqqol bilindi. Ayniqsa, Ammandagi o‘yinlarda tribunalarda mislsiz atmosferani yuzaga keltirishdiki, bu ham futbolchilar kuchiga kuch qo‘shmoqda. 

- Marokashlik bosh murabbiy Husayn Ammuta terma jamoaga aynan qanday yangiliklar olib kirdi? Uni jamoaning oldingi murabbiylari bilan taqqoslay olasizmi?

- Termamiz ravnaqida murabbiyning ta’siri juda kuchli ekanligi kundek ravshan. Ammutaning falsafasi oddiy va hammamiz uchun tushunarli - imkon qadar ko‘proq hujum va to‘p nazoratiga asoslangan o‘yin. Boshqa murabbiylar bilan taqqoslashga kelsak, tabiiyki, har bir mutaxassis o‘z jamoasiga ijobiy xislatlarni singdirishga  urinadi, bunda turli uslublardan foydalanadi. Shunday ekan, alohida bir farqli jihatni tilga olishdan ma’no yo‘q.

- Iordaniya termasining OK-2023dagi muvaffaqiyati tabiiy ravishda nihoyat, JCH chiptasini ham yutish orzusini quvvatlantirgani aniq. Boshqacha ifoda etganda, muxlislar endi sizlardan mundial yo‘llanmasini kutishadi. Bunday qarashlarga munosabatingiz qanday, o‘zi Iordaniya milliy jamoasining mundialga chiqishi reallikka nechog‘li muvofiq, sizningcha?

- Barchamiz mamlakatimizda shunday orzu barq urayotganidan xursandmiz. Shaxsan men mundial orzusini ro‘yobga chiqara olishimizga ishonaman. Binobarin, jamoada kayfiyat va o‘yin ritmi juda baland, qolaversa, yo‘llanmalar soni ham ancha ko‘paydi. Shunday ekan, bemalol urinib ko‘rish imkoni bor, har holda, bu ushalmaydigan orzu emas endi.

- JCH-2026 saralash siklining eng yaxshi to‘purari va Iordaniya milliy jamoasi yetakchilaridan biri sifatida mundial chiptasini ta’minlash imkoniyatini yuqori baholayotganingiz yaxshi. Xo‘sh, jamoa tarkibi saviya va ijrochilar nuqtai nazaridan yuksak talablarga javob bera oladimi?

- To‘g‘ri, jamoamizda super­yulduzlar yo‘q. Hammamiz shunchaki, murabbiylar shtabi so‘ragan ishlarni bajaryapmiz, shuningdek, iordaniyalik muxlislarga quvonch ulashish mas’u­liyatini to‘liq his qilyapmiz. Menimcha, bizda binoyidek jamoaviy ruh shakllandi va bu eng katta vazifalarni zimmamizga olish imkonini beradi. 

- Aytishlaricha, milliy jamoada ayniqsa, Yazan al Naymat bilan yaqin ekansiz. Uni eng qalin do‘st sifatida ta’riflay olasizmi?

- Ha, Yazan menga eng yaqin yigitlardan biri. Nafaqat maydon, balki tashqarida ham juda yaxshi munosabatdamiz. Shunday ekan, uning chin do‘st ekanligini aytishim mumkin. Umuman olganda, tabiatan har bir jamoadoshim bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishga intilaman. Nafaqat termada, balki klubda ham.

- OK-2023 chorak finali oldidan Yazan bilan birga hal qiluvchi o‘yin chiptasini yutish borasida va’da bergan ekansizlar. Yakunda buni uddaladinglar. Qiziq, endi muxlislarga JCHga borish masalasida qandaydir aniq gap ayta olasizmi?

- Hozir ularga sal boshqacha va’da berishim mumkin: biz jahon chempionatiga chiqish yo‘lida bor kuch va imkoniyatimizni ishga solamiz. Bundan nima chiqishini esa vaqt ko‘rsatadi. Umuman, ushbu orzuni amalga oshirish uchun har qachongidan yaxshiroq imkoniyatga ega ekanligimizga ham ishonchim komil.

- Hozirga qadar Kipr, Belgiya va Fransiyada fao­liyat olib bordingiz. Xususan, Liga 1 varianti qanday yuzaga kelganiga alohida to‘xtalsangiz. Har holda, Fransiyaga yo‘l olish bilan oldinga katta qadam tashlaganingiz o‘z-o‘zidan tushunarli...

- Ha, bu oldinga tashlangan qadam, albatta, lekin chegara emas. Demoqchimanki, ambisiya­larim juda kuchli. Fikrimcha, hali bor salohiyatimni ko‘rsatganimcha yo‘q, hamon o‘yinimni tobora yaxshilash yo‘lida harakatdaman. Umidvormanki, iqtidorim oldinga yana bir necha qadam bosish uchun yetarli.

- Umuman, Fransiyadagi birinchi mavsum qanday o‘tdi? Liga 1 va siz o‘ynagan boshqa chempionatlar o‘rtasida qan-day yaqqol farq sezildi?

- O‘ylaymanki, mavsum men uchun yomon kechmadi. Liga 1 men o‘ynagan boshqa divizionlardan keskin farqlanishi esa o‘z-o‘zidan ma’lum. Axir Fransiya chempionati Yevropada oldingi qatorlarda turadi, turnirda yetuk klublar va katta ijrochilar bor. Albatta, bunday ligada toblanish har qanday futbolchiga katta foyda keltiradi.

- Jordan Ferri, Teji Savanye va Akor Adams kabi hujumchilar bilan raqobatlashish va birga o‘ynashning ijobiy ta’siri sezilmoqdami?

- Yaqqol! Buyuk futbolchilar bilan raqobatlashish va yonma-yon o‘ynash uchun har doim o‘z ustingda ishlashing, ularni kuzatish asnosida nimalarnidir o‘zlashtirib borishing kerak. Shunga majbursan, aks holda, ularning davralariga qo‘shilolmaysan. O‘ylaymanki, «Monpelye»da xuddi shunday qildim va hali davom etaman, albatta.

Manba: fifa.com, MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 06:33, 29.06.2024.
O'qildi: 1629 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.