Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Xonanda, talaba modellar — Ronaldoning barcha mahbubalari

Xonanda, talaba modellar — Ronaldoning barcha mahbubalari

Baho:
+ | -

Nafaqat maydon, balki uning tashqarisida ham o‘zini yetarlicha ko‘rsatgan yulduz - bu braziliyalik afsona Ronaldo. «So‘yloq» futbolda gollarga bog‘liq ko‘plab rekordlarni ag‘darish asnosida tarixga qalingina iz bosdi. Buni hamma biladi va yana takrorlashga hojat yo‘q. Shunday ekan, Ronaldoning futboldan chetdagi sarguzashtlari - qaynoq hayoti haqida gapirgan ma’qulroq. Aytish kerak, Braziliyada yigitlar juda erta uylanishadi. Futbolchi va oilaviy hayot haqida gap ochilganida esa, butun bir serialni suratga olish mumkin. Chunki puli yetarli sportchi hurliqolar uchun munosib juft hisoblanadi umumtushunchaga ko‘ra. Buyuk Ronaldoning oilaviy hayoti ham misoli ko‘p seriyali serial!

1-seriya - Luciana. Ronaldo 18 yoshida Lusiana bilan ko‘rinish bera boshlaydi. To‘g‘ri, bu qizning shaxsiy hayoti va hozirgi holati haqida ma’lumot ko‘p emas. Lekin fakt o‘zgarmaydi - Lusiana «so‘yloq»ning birinchi chin muhabbati bo‘lib qoladi omma uchun.

2-seriya - Nadya Fransa. Ronaldo o‘sha yilning o‘zida Lusianani Nadya bilan almashtiradi. Braziliyalik hujumchi PSV bilan shart­noma tuzgach, o‘sha payt kollejda tahsil olayotgan qiz uning ortidan Niderlandiyaga yo‘l olgandi o‘qishni tashlab. Biroq juftlik munosabatlari uzoq davom etmaydi, ya’ni Nadya homilador ekanligini ma’lum qilganidan keyin sevgi serialining 2-seriyasi tugaydi. Xullas, «so‘yloq» homilani tan olmaydi. Ke­yinchalik model o‘sha homiladan erta ayrilganini aytadi.

3-seriya - Vivian Brunyeri. Ronaldo ikkinchi mahbubasi bilan aloqani uzganidan so‘ng darhol Vivianni topadi. Biroq bu safar ham muhabbat qissasi uncha cho‘zilmaydi. To‘g‘ri, Brunyeri yulduz futbolchi nomidan foydalanib, modelga aylanadi, hattoki, kinosanoatida oz-moz muvaffaqiyat qozonadi. Vivian bugun nima bilan mashg‘ul ekanligini taxmin qila olasizmi? U o‘zini dinga bag‘ishladi va evangeliya nasroniylari rohibasi bo‘ldi.

4-seriya - Susana Verner. Ronaldo 1997 yili model Susana Verner bilan uchrasha boshlaydi. Yangi juftlikning munosabatlari 3 yilcha davom etadi. Jumladan, JCH-98 vaqti Verner xonim qahramonimizni bevosita Fransiya stadionlarida qo‘llab-quvvatlaydi. Aytgancha, Susana keyinchalik «Inter»ning sobiq darvozaboni Xulio Sezar bilan turmush quradi.

5-seriya - Milen Dominges. Afsonaning birinchi to‘yi 1999 yili bo‘ldi. Ronaldo o‘shanda Milen Dominges bilan nikohdan o‘tgandi. Ushbu munosabatlar o‘z mevasini ham beradi - oilada o‘g‘il farzand tug‘iladi (ismi - Ronald). Ammo nikoh rishtasi 4 yildan keyin (2003 yil) uziladi.

6-seriya - Livia Lemos. «So‘yloq» Dominges xonimdan voz kechgach, SporTV boshlovchisi Livia Lemos bilan topishadi. Braziliyalik hujumchi o‘sha vaqt «Real»da o‘ynardi. Aytishlaricha, ikkisining ish jadvali bir-biriga to‘g‘ri kelmagan. Oqibatda juftlik ko‘rishish va birga bo‘lish uchun vaqt yo‘qligi ortidan ajrashadi.

7-seriya - Vanya Millan. Yana bir model. Vanya 2002 yili «Ispaniya go‘zali» tanlovida g‘olib chiqadi. To‘g‘ri, Ronaldo - Millan munosabatlari rasman tasdiqlanmagan. Ya’ni futbolchi ham, model ham o‘rtada sevgi uchqun urganini tan olmagan.

8-seriya - Daniela Chikarelli. 2004 yili boshlangan seriya. Daniela o‘sha vaqt model va boshlovchi rolida ancha tanilishga ulgurgandi. Yangi juftlik haqida deyarli barcha saytlarda yozilgandi. Ronaldo va Danielaning hashamatli to‘yi esa 2005 yili Fransiyada bo‘lib o‘tadi. Biroq atigi 3 oydan keyin ular ajrashishadi. Nega? Mish-mishlarga ishonsak, Ronaldo xiyonat ustida «qo‘l»ga tushgandi.

9-seriya - Mireyya Kanalda. Ehtimol, aynan Mireyya futbolchining Chikarelli xonim bilan nikohi buzilishiga sababchi bo‘lgandir. To‘g‘ri, afsonaviy futbolchining o‘zi hech qachon ispaniyalik ushbu model bilan yaqin munosabatda bo‘lganini tasdiqlamagan. Ammo Mireyya ommaviy axborot vositalari yordamida Danielani «qo‘zg‘atgani» aniq. Yana shunisi borki, ayollar shunchaki, bunday ish tutishmaydi...

10-seriya - Mishel Umezu. Ronaldoning yana bir romantikasi. Bunisi hattoki, Daniela Chikarelli bilan bo‘lgan munosabatlaridan ham o‘zib ketadi. Qolaversa, ushbu romantika samara beradi - Mishel futbolchiga o‘g‘il (ismi - Aleks) tortiq etadi. Faqat shunisi borki, Ronaldo bolani tan olmaydi, DNK testi esa hammasini o‘z joyiga qo‘yadi. Darvoqe, Umezu keyinchalik professional bodibilderga aylandi.

11-seriya - Rayka Oliveyra. Braziliyalik superyulduz shuncha voqealardan so‘ng yana bir modelga ko‘ngil beradi. U Rayka bilan chamasi 1 yil birga yashaydi. Biroq Oliveyra xonimning ish jadvali unga mudom futbolchi ko‘nglini olish imkonini qoldirmagach, munosabatlarga nuqta qo‘yiladi. Yana u Ronaldoni xiyonatda shubha ostiga olgani haqida ham ma’lumotlar bor.

12-seriya - Elis Rekiao. 2006 yilgi qisqa roman. Jurnalistika fakulteti talabasi Ronaldoning Rayka Oliveyra bilan munosabatlari tugashiga sababchi sifatida ko‘rsatilgandi. Ammo Ellis Rekiao ham futbolchi yonida uzoq qololmaydi.

13-seriya - Bia Entoni. Ronalduning eng uzoq davom etgan muhabbat qissalaridan biri. Ba Entoni - biznesvumen. «So‘yloq» ushbu tadbirkor ayolga 2007 yili uylanadi. 2012 yilgacha davom etgan nikohdan ikki qiz tug‘iladi - Mariya Sofiya va Mariya Alisa. Aytgancha, Ronaldo aynan shu oilaviy hayoti davomida Mishel Umezudan tug‘ilgan Aleks o‘z o‘g‘li ekanligiga iqror bo‘lgandi.

14-seriya - Paula Morais. 2013 yili Ronaldo - Entoni ittifoqi buziladi va futbolchi xonanda Paula Morais bilan uchrasha boshlaydi. Ular hatto to‘y sanasini ham belgilashadi, ammo munosabatlar 2014 yil yakunida xotima topadi birdan.

15-seriya (ehtimol, oxirgisi) — Selina Loks. Ronaldo 2015 yildan buyon bugungi mahbubasi — model Selina Loks bilan birga. Juftlik allaqachon nikohdan o‘tdi. Aytishlaricha, Ronaldo hozir Selina oldida o‘zini baxtiyor his qilmoqda. Qiziq, uzoq vaqtgamikan?

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:44, 29.06.2024.
O'qildi: 11908 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.