Yevropa Chempionati finalida Ispaniya va Angliya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi.
Uchrashuv ispanlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Ispaniya tarkibida Niko Uilyams va Mikel Oyarsabal gol urgan bo‘lsa, inglizlar safida Koul Palmer yagona gol muallifiga aylandi.
Niko Uilyams finalning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
17 yoshli Lamin Yamal esa turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritdi.
Ispaniya terma jamoasi va “Manchester Siti” yarim himoyachisi Rodri turnirning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.
Turnir finalchilari Ispaniya va Angliya terma jamoalariga oid ma’lumotlar:
— Ispaniya o‘z tarixida 4 marta qit’a turnirida zafar quchdi — 1964, 2008, 2012 va 2024. Bu borada ispanlar yetakchi hisoblanadi. Germaniya terma jamoasi 3 marta turnirda g‘alaba qozongan bo‘lsa, Italiya va Fransiya 2 martadan sovrinni qo‘lga kiritgan.
— Angliya 58 yildan buyon yirik turnirlarda g‘alaba qozona olmayapti. Inglizlar tomonidan qo‘lga kiritilgan yagona turnir — 1966 yilgi Jahon Chempionati edi.
— 2016 yildan buyon Angliyani boshqarib kelayotgan Garet Sautgeyt Yevrolar tarixida ikki marta finalni boy bergan ilk murabbiyga aylandi. Angliya 2021 yilgi turnirda Italiyaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgandi.
— Ispaniya Yevro—2024 musobaqasidagi barcha 7 o‘yinda g‘alaba qozondi. De la Fuente shogirdlari finalga qadar Xorvatiya, Italiya, Albaniya, Gruziya, Germaniya va Fransiya kabi jamoalardan ustun keldi. Bu Yevropa Chempionati rekordi hisoblanadi.
— Shuningdek, Ispaniya finalga qadar yetib borgan 4 ta yirik turnirda g‘alaba qozongan ilk terma jamoaga aylandi. Bunga qadar ispanlar 2008 va 2012 yilgi Yevroda, 2010 yilgi Jahon Chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan.
— Harri Keyn yana bir bor sovrin qo‘lga kiritish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Harri faoliyati davomida birorta sovrin yutmagan. Hujumchi ikki marta Yevropa Chempionati finalida ishtirok etgan, “Tottenhem” bilan birgalikda esa Chempionlar Ligasi va Angliya Liga Kubogi finaliga qadar yetib borgan.