Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes - Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas - Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Nestori Irakunda: «Bu yerga nima uchun kelganimni ko‘rsatmoqchiman...»

Nestori Irakunda: «Bu yerga nima uchun kelganimni ko‘rsatmoqchiman...»

Baho:
+ | -
Bo'lim: OSIYO / Futbolchilar
Rukn: Intervyular

Yaqindagina Avstraliya milliy jamoasida o‘z debyutini nishonlagan va hatto gollari hisobini ochishga ulgurgan 18 yoshli vinger Nestori Irakunda «Bavariya» (Myunxen) bilan birdaniga 4 yillik shartnoma tuzdi. «Gollivud FK» rasmiy sayti esa «Temirni qizig‘ida bos» maqoliga amal qilib, «Adelaida Yunayted»da ko‘zga tashlangan iqtidorli hujumkor futbolchini alohida suhbatga tortdi. Ma’lumot uchun, Nestorining kelib chiqishi Tanzaniyaga borib taqaladi. E’tiborlisi, yosh yigitcha Myunxenda barchasini darhol isbotlash niyatida.

- Nestori, avvalo «Bavariya» oilasiga xush kelibsan. Myunxen hayotiga ancha ko‘nikib oldingmi, hozirda o‘zingni qanday his qilyapsan?

- Hammasi yaxshi, qandaydir muammo yo‘q. Albatta, «Bavariya»dek klub safiga qo‘shilganimdan bag‘oyat to‘lqinlanyapman. Qisqasi, klub mashg‘ulotlari start olishini intiqlik bilan kutyapman. Ilk kunlardan jismoniy tayyorgarlik va o‘yin ko‘nikmalari ustida o‘zgacha ishtiyoq bilan ishlashim tayin.

- Xo‘sh, o‘yin uslubingni qanday tasvirlay olasan? Deylik, kuchli jihatlaring nimalardan iborat?

- Qanotda o‘zimni juda erkin his qilaman, menimcha, tezligim yomon emas, yana harakatchanman, maydonda to‘xtab qolishni yoqtirmayman. Shuningdek, gol urishga layoqatim baland, maydonda e’tiborni o‘zimga jalb etishni ham yaxshi bilaman.

- «Bavariya»ning qiziqishi haqida ilk marta xabar topganingda, qanday holatga tushding?

- O‘sha vaqt Qatardagi Osiyo chempionatida edim. Aytish shart emas, «Bavariya» kabi klublar nazariga tushganini birinchi marta eshitgan har qanday futbolchi beixtiyor yengil «shok» holatida qoladi. Ochig‘i, menga Myunxen jamoasi qiziqayotganini aytishganida, avvaliga buni hazilga yo‘ydim, ishonolmadim. Faqat klub vakili telefon or­qali aloqaga chiqqanidan keyingina barchasi haqiqat ekanligini tushundim.

- Do‘stlaring va yaqinlaring «Bavariya» bilan shartnoma tuzganingga qanday munosabat bildirishdi?

- Tabiiyki, men uchun rosa xursand bo‘lishdi, lekin avvaliga ular ham bunga ishonishmadi. Asosiysi, yaqinlarim bugun ushbu qarorimdan g‘oyat mamnunlar, men bilan faxrlanishlarini ham yashirishmayapti.

- «Bavariya» murabbiylari va yangi klubdoshlar bilan tanishuv qanday o‘tdi?

- Klubda meni iliq qarshi olishdi va o‘zaro aloqa o‘rnatishda qandaydir noqulaylik sezilmadi. Ba’zi yigitlar bilan ancha inoqlashishga ulgurdim. Masalan, Noel Aseko bilan juda yaxshi chiqish­yapman. O‘zi bu yerga kelishdan oldin ba’zi narsalarni aynan undan so‘ragan va faqat ijobiy javob olgandim.

- Myunxenni aylanib chiqishga ulgurdingmi? Shaharda nimalar ko‘proq yoqdi?

- Birinchi kuni shahar bo‘ylab sayrga chiqdim, bir qator do‘konlarga bosh suqdim. Avstraliya bilan taqqoslaganda, Myunxen uncha shovqinli emas ekan. Shu jihatni alohida qadrlayman. Oddiy aytganda, bu yerda nisbatan sokinlik humkron.

- Yevro-2024 atmosferasidan ham bahra olyapsanmi?

- Ha, albatta. Hozir shaharda futbol havosi yaqqol sezilyapti, ko‘chalarda muayyan jamoa libosiga burkangan muxlislar ko‘p. Qisqasi, umumiy muhit fantastik darajada. Har kuni jamoadoshlarim bilan turnir odamlarga naqadar quvonch ulashayotgani, ular o‘yinlarni o‘zgacha maroq bilan tomosha qilishayotganini ko‘ryapman. Bularning barchasiga bevosita guvoh bo‘lish g‘oyat yoqimli, albatta.

- Nemis tilini o‘rganish harakatini ham boshlagandirsan...

- Maktabdayoq nemis tilini o‘rganganman, lekin ko‘p qismini unutgan ekanman. Bu yerga kelishim bilan nemis tili kurslariga qatnay boshladim.

- Oldinroq Yevropada o‘ynashni istagan otang orzusini amalga oshirishdan baxtiyor bo‘lishingni aytganding. Umuman, «Bavariya» varianti shaxsiy hayo­tingga nechog‘li ta’sir ko‘rsatdi?

- Tushunarliki, Myunxen jamoasi safiga qo‘shilganim hayotimda katta ahamiyatga ega. Otamga rahmat, aynan uning yordami va g‘amxo‘rligi bilan futbolda shunday yo‘lni bosib o‘tdim. Umuman, ko‘plab jihatlar borki, avvalo, otamdan minnatdor bo‘lishim kerak. Hamisha unga chin namuna sifatida qaraganman. Uning azaliy orzusini ro‘yobga chiqarish - bu ajoyib tuyg‘u. Qisqasi, otam men bilan g‘ururlanishi uchun bu yerda bor kuchimni ishga solaman.

- Oilada 7 nafar aka-ukalar ekansiz. Bugungi kunga yetishingda akalaring qanday rol o‘ynashgan?

- Ular har doim meni qo‘llab-quvvatladilar, ilhom manbai vazifasini bajardilar. Bolaligimda aynan akalarimning mashg‘ulotlari va o‘yinlarini kuzatish asnosida futbolga mehr berganman. Umuman, biz hamisha o‘zaro juda inoq bo‘lganmiz.

- Aytishlaricha, boshida hujumdan ko‘ra, himoyada to‘p surishni afzal ko‘rgansan. Qiziq, qanday qilib hujumchiga aylanib qolding?

- Ha, bolaligimda asosan markaziy himoyachilar harakatlaridan hayratlanardim. O‘sha payt kelajakda xuddi shu pozisiyada o‘ynashni orzu qilganman. Keyinchalik murabbiylar  hujumda potensia­lim yuqori ekanligi, qat’iyat bilan to‘p surishimni aytib, oldingi chiziqqa qo‘ya boshlashdi. Ular yana kuchli aniq zarba berish qobiliyatimni ham inobatga olishdi.

- Himoyachi rolida o‘ynagan vaqtda o‘zlashtirgan ko‘nikmalaring bugun nechog‘li yordam bermoqda?

- Himoyada to‘p surish ishtiyoqimni oshirgani aniq. Futbolda esa ishtiyoq juda muhim.

- Gollarni orqaga salto tashlash bilan nishonlaysan. Buning tarixi bormi, umuman, yengil salto otishni qayerda o‘rgangansan?

- Akalarim va ularning o‘g‘illari bog‘da salto otish borasida bahslashardilar. Ular shunchaki, yerga oddiy matras to‘shab, kim kuchli ekanligini aniqlashardi. Bora-bora men ham buni sinab ko‘rishga jazm etdim va ilk urinishdayoq muvaffaqiyatga erishdim. Shu tariqa gollarimning salto vositasida nishonlashni odatga aylantirdim.

- Endi «Bavariya»dagi ilk maqsadingga to‘xtalsang...

- Avvalo, bu yerga nima uchun taklif etilganim va kelganimni amalda ko‘rsatmoqchiman. Eng asosiysi, ushbu jamoa safida Bundesliga o‘yinlarida qatnashish. Qolgani sekin-asta rivojlanaveradi...

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 19:56, 16.07.2024.
O'qildi: 1472 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.