Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Samuel Chukvueze: «Faqat va faqat «Milan»ni o‘yladim...»

Samuel Chukvueze: «Faqat va faqat «Milan»ni o‘yladim...»

Baho:
+ | -

«Milan»ning mavsumoldi yig‘inlarida ishonchli harakatlari bilan muxlisu-mutaxassislarni hayratda qoldirgan jamoa vingeri Samuel Chukvueze La Gazzetta dello Sport nashri muxbirlari e’tiborini ham o‘ziga tortdi.

 Yakunda jahonga mashhur Italiya gazetasi vakillari nigeriyalik 25 yoshli futbolchini alohida suhbatga chorlashdi. Shu tariqa Samuel bir qator qiziqarli savollarga javob berdi.

- Chukvueze hikoyasi - bu Nigeriyadan Milangacha bo‘lgan katta sayohat. Ortga nazar solganingizda, avvalo, nimalarni eslaysiz?

- Futbolchi bo‘lishimga qarshi chiqqan onamni. U doim futbol ortidan oila boqolmasligimni aytardi. Vaholanki, onamning qornidayoq futbolga mehrim tushgan bo‘lsa kerak. Xullas, har kuni atrofni qorong‘u qoplashigacha to‘p ortidan yugurardim va uyga qaytishim bilan onamdan doimiy jazoni olardim, albatta. U ko‘pincha, butsamni olib qo‘yardi, shuning uchun uni yashirib qo‘yishimga to‘g‘ri kelardi. Biroq onam butsamni topib olardi, baribir. Hatto bir safar butsa va futbolkamni yoqib yuborgani esimda. O‘sha kuni faqat o‘qishga e’tibor qaratishim zarurligini rosa uqtirdi. Shunda harakat qilib ko‘rdim, ammo ilm olish qo‘limdan kelmadi...

- Keyin nima bo‘ldi?

- Amakimning o‘g‘li do‘sti bilan ko‘rik uchun shaharga yo‘l olayotganini aytib qoldi. Unga onam g‘azab otiga mingani va meni birga olib borishni xayoliga ham keltirmasligini aytdim. Shunga qaramay, erta azonda uyimizga keldi. Biroq o‘rtaga yana onam tushdi: «Yo‘q, Samuel hech qayerga bormaydi, bugun maktab...». Xayriyatki, buvijonim yonimni oldi, onamni tinchlantirib, uni fikridan qaytardi va qo‘limga yo‘lkira tutqazib, kuzatib qo‘ydi.

- Ilk ko‘rik ko‘ngildagidek o‘tdimi?

- Avvaliga yoshim ulg‘ayib qolgani, ozgina kechikkanimni aytishdi. Keyinroq to‘p berib, u bilan ishlashimni so‘rashdi. Shu asnoda barchasini ko‘rib, fikrlarini o‘zgartirishdi: «Yaxshi, yetarli, sen aynan biz qidirgan yigit ekansan, olamiz». Yakunda tez orada Portugaliyadagi turnirga boradigan jamoa safiga qo‘shishdi.

- Lekin onangiz hamon qarshi edi, xususan, Yevropaga borishingizga...

- Yo‘q, u tushida gol urganim va kubokni boshim uzra ko‘targanimni ko‘rgach, futbol bilan jiddiy shug‘ullanishimga rozilik bildirdi. Yaqinda esa o‘sha vaqtdayoq futbolda o‘zimni ko‘rsata olishimga ishonganini aytdi. Lekin fakt shuki, boshida menga faqat buvim ishongan. Afsus, uni shu yil yo‘qotdik.

- Onangiz hozir nima deydi?

- Eh, hamon o‘qishimni istaydi. U loaqal futbol bilan bog‘liq tibbiyot sohasida bo‘lsada, ilm olishim kerakligini uqtiradi. O‘zim yoshligimda advokat bo‘lishga qiziqqanman, ammo onam o‘shanda ham qat’iy ta’kidlardi: «Yo‘q, shifokorlik yaxshi, tamom...».

- Ammo tibbiyot sohasi murakkab...

- Doimiy ravishda miyamni charxlab borishga odatlanganman. Ba’zan internetda tibbiy qo‘llanmalarni o‘qiyman. Chunki futbolda abadiy qololmasligimni bilaman.

- Kasb tanlash masalasi fonida pul haqida nima deysiz?

- Agar pulga qiziqqanimda, hozir «Milan» emas, Saudiya Arabistonida o‘ynardim. Har holda, o‘tgan yili arablar moddiy tomondan kuchli taklif yuborishgandi.

- Bir mavsum uchun 10 million yevrolik maoshmi?

- Bundan ko‘proq.

- Rad etish qiyin.

- Lekin faqat va faqat «Milan»ni o‘yladim. Agentim ta’sir o‘tkazishga urindi: «Hoy yigitcha, o‘zi qancha taklif etishayotganini tasavvur qilyapsanmi?» Lekin qat’iy turib, masalani yopdim: «Yo‘q, faqat «Milan»da o‘ynashni xohlayman». Yakunda u fikrimdan qaytmasligimni tushundi. Lekin agar o‘rtaga yana katta pul tushsa, oldimga qaytishi aniq. Hozir o‘zim uchun eng muhimi - salohiyatimga ishonch. Hali yoshman, yevrofutbolda katta muvaffaqiyat qozonmoqchiman. Shunday ekan, ketish haqida o‘ylash noo‘rin.

- Umuman, joriy yoz mutlaqo boshqa futbolchiga aylanib qolgandeksiz.

- Ha, yangi murabbiy menga kuchli ishonch bermoqda. Endi «Milan»ga mutlaqo loyiq ekanligimni amalda ko‘rsatishim kerak. O‘ylaymanki, men uchun eng muhim vaqt keldi.

- Pioli bilan ishda nimalar noto‘g‘ri bo‘ldi?

- Jamoa safiga kechroq, iyul oyi oxirida qo‘shilgandim va uni o‘z salohiyatimga ishontirishda qiynaldim. Qolaversa, men o‘ynaydigan pozisiyada maydonga tushgan futbolchi muhim gollarni urdi. Murabbiy esa yaxshi o‘ynab turgan yigitni chetga surib qo‘yolmaydi, baribir. Ha, o‘ynashni xohlardim, lekin Pioli bilan yaxshi munosabatni saqlab qoldim. Zero, u ajoyib inson va yaxshi murabbiy. 

- Fonseka haqida nima deya olasiz?

- U boshidayoq oldimga shart qo‘ydi: «Samuel, eshit, o‘tgan mavsumdagi Chukvuezeni ko‘rishni ham xohlamayman. Menga «Vilyarreal»dagisi kerak». Shunda muammo yo‘qligini aytdim. Hozir qayta tug‘ilgandekman. Ha, yangi futbolchi qiyofasiga kiryapman.

- Qiziq, kim tezroq: sizmi yoki Rafa?

- To‘psiz holatda - u. To‘p bilan esa men.

- Rafa «A» seriyaning eng yaxshi 3 nafar futbolchisidan birimi?

- Ha. Do‘stim Osimxen ham kuchli uchlikda. Uning Italiya­da qolishidan umidvorman

- Yangi mavsumda nechta gol urmoqchisiz?

- 6ta goldan iborat shaxsiy rekordimni yangilashim kerak.

- «9-raqam»lar haqida savol: Ibragimovich qanday edi?

- O, juda qo‘pol, lekin ajoyib yigit. U bilan ish payti sira oson bo‘lmaydi, lekin maydon tashqarisida juda hazilkash: «Chuk, sendan gol kutaman...». Keyin gol uraman, lekin Ibra yon bermaydi, baribir: «Nihoyat urding! Lekin 2ta urishing kerak edi. Keyingi safar darvoza oldida bema’nilik qilma...».

- Morata qanday raqib edi?

- Rahmsiz. U hujumda qoyilmaqom tarzda hudud ochadi, assistentlikni qo­yillatadi, ko‘p ishlaydi. Biz - vingerlar uchun mukammal hamkor.

- Franchesko Kamarda o‘ziga xos yigitmi?

- Ha. Yosh, kuchli, lekin ishlashda davom etishi, ko‘ngilxushliklarni unutishi shart. Agar o‘z ustida talab darajasida ishlasa, eng kuchli hujumchilardan biriga aylanadi. Menga ishonavering, unda buning uchun aql ham, iqtidor ham yetarli.

- Jamoadagi eng yaqin do‘stingiz kim?

- Adli - fransiyalik akam. «Milan»da nima mumkin va mumkin emasligini menga aynan u tushuntirgandi. Hozirgacha qandaydir muammo tug‘ilsa, darhol Adli bilan aloqaga chiqaman.

BLIS SAVOL-JAVOBLAR

- 6 futbolchidan iborat ideal jamoangiz...

- Menyan, Tshau, Tomori, Reynders, Musa, Leau.

- Faqat «Milan» vakillari-ku...

- Bu - mening jamoam. Qolaversa, tanlov o‘zimda.

- Boshqa avlod futbolchilaridan kimni ustun ko‘rasiz?

- Bolalikdagi kumirim Kakani. Lekin uni shaxsan tanimayman. Agar Kaka qachondir «San Siro»ga kelsa, u bilan ko‘rishish uchun har qanday ishimni ortga surishim tayin.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 07:32, 23.08.2024.
O'qildi: 473 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.