Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Massimo Ambrozini: «FIFA yoki UYEFA hech qachon muzokaraga ko‘nmaydi...»

Massimo Ambrozini: «FIFA yoki UYEFA hech qachon muzokaraga ko‘nmaydi...»

Baho:
+ | -

Ayni payt Sky Sport Italia telekanalida futbol eksperti va sharhlovchisi sifatida faoliyat olib borayotgan «Milan»ning sobiq yarim himoyachisi Massimo Ambrozini yaqinda Milan Community TV mehmoni bo‘ldi

va jurnalistlar savollariga dangal-dangal javob berdi. 47 yoshli mutaxassis jumladan, hakamlik va o‘yin qoidalari o‘rtasidagi nomuvofiqlik, zich taqvim kabi dolzarb masalalar yuzasidan oshkora fikr bildirdi.

- Aytingchi, futbolchi odatda qanday qiyinchiliklarga duch keladi?

- Har bir futbolchi faoliya­ti ortida turli jihatlar uyg‘un - professional yondashuv, qalb amri, kundalik turmush tarzi va kasbga muhabbat. Agar u shulardan biri masalasida oqsasa, qiynalishi turgan gap. Shaxsan men faoliyatim davomida past-baland davrlarni boshdan kechirdim. Futbolchi avvalo, ruhan tetik bo‘lishi kerak. Aks holda, ongiga bo‘lmag‘ur fikrlar yopishib oladi va bunday holatda uning bor e’tiborni professional ishga qaratishi amri-mahol. Ochig‘i, bizning davrda barchasi ancha murakkab edi. Endi esa futbolchilarda ruhiyat va ruhiy muammolarga reaksiya kuchayganini ko‘ryapman. Bugungi futbol talabi ham shu - hamisha go‘yoki, yechimi yo‘qdek ko‘ringan muammolar bilan ham shug‘ullanish kerak. Hozir hammada bitta tasavvur shakllangan: futbolchi hamisha kuchli zirhga ega. Aslida bunday emas, har kim o‘ziga mustaqil ravishda zirh hozirlashi kerak. Bunda avvalo, ruhiyatga ta’sir qiluvchi, futbolchini muvozanatdan chiqarib yuboruvchi tash­qi gaplardan himoyalanishni nazarda tutyapman. 

- Umuman, hozirgi futbolchilar butsalarini mixga ilishganidan keyin ham ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishadi.

- Ha, har kim o‘zini qaysidir yo‘nalishga urishi mumkin. Ya’ni futbolchilarda o‘z tajriba - xohishlariga asosan, keyingi hayot yo‘lini tanlash imkoniyati ancha keng.

- Qiziq, har kunlik ishingizda sizga eng maqbul jihat qaysi?

- Kenja o‘g‘limni bog‘chaga eltib qo‘yish (kuladi).

- Aytishlaricha, futbolda 2ta holatdan qattiq naf­ratlanasiz: arzimas teginishdan keyin yiqilib-yotib oladiganlar va ba’zi tushunarsiz qoidalardan. Ushbu jihatlarni yo‘qotish masalasida qandaydir taklifni o‘rtaga tashlay olasizmi?

- Fikrimcha, simulyasiya va be’mani qoidalar bevosita bir-biriga bog‘liq. Ha, ayniqsa, yiqilish holatiga umuman toqat qilolmayman. Goho futbolchi to‘pni tanasi yordamida yopishga harakat qiladi va raqibi hattoki, tirnog‘i bilan teginib ketsa ham, xuddi nokautga uchragandek o‘zini maydonga tashlaydi. Agar hakamlarga shaxsiy futbol qobiliyatlari bo‘yicha ish tutish va qaror qabul qilish huquqi berilsa, ular barchani simulyasiya illatidan  izolya­-siyalashlari mumkindir ehtimol. Biroq masalaning nozik tomoni shuki, hakamlar bu borada adashishlari hech gap emas. Axir aksariyat referilar professional darajada o‘ynab ko‘rishmagan va ba’zi holatlarni to‘g‘ri baholashlari qiyin. Umuman, futbolda shunday dinamik harakatlar borki, agar ularni tushunsangiz va to‘g‘ri talqin qilsangiz, hozirgi o‘yin qoidalarini qabul qilolmaysiz. Bu ketishda futbol qoidalarini ob’ektivlashtirish xohishidan hech qachon qutulolmaymiz. Binobarin, funksionerlar qat’iy cheklovlar futboldagi bahs-munozaralar kamayishiga olib kelishiga ishonishadi. Amalda esa bunday emasligini ko‘rib turibmiz. Hakamga barchasini shaxsiy tafakkurga asosan talqin qilish imkoniyatini yaratish kerak. Oddiy aytganda, ularni nuqul qat’iy qoidalar bo‘yicha qaror chiqarish majburiyatidan forig‘ etish samara keltirishi mumkin. Oddiy misol: «A» seriya oxirgi turida Luperto tomonidan belgilangan penaltini olaylik. Agar o‘sha vaziyat bir lahza oldin sodir bo‘lganida ham, referi «nuqta»ga ishora qilolmasdi. Ammo qoidalarda penalti berish kerakligi yozilgan, shuning uchun hakam ikkilanadi. Agar u penalti belgilasa, jabrdiyda jamoa vakillarining g‘azab o‘tida yonishlari muqarrar. Biroq qoidalarda shunday yozilgan ekan, bechora hakam nima qila olardi?

«Fiorentina» - «Milan» o‘yinida belgilangan 3ta penaltidan 2tasi haqida ham ham xuddi shu gaplarni takrorlash mumkin: futbol dinamikasiga zid qarorlar... Ha, agar hakamga maydondagi voqealarni mustaqil ravishda talqin qilish imkoniyati berilsa, ehtimol, bahs-munozaralar odatdagidan ko‘proq kuzatilar... Muhimi, hakam hatto VAR bilan maslahatlashganidan keyin ham vaziyatlarni o‘z tuyg‘ulari bo‘yicha talqin qilish va baholash imkoniyatiga ega bo‘lsa, hozirgidan ko‘proq sub’ektiv qarorlarni ko‘rishimiz mumkin. Ochig‘i, bu borada muvozanatni topish juda qiyin. Yana «Fiorentina» - «Milan» o‘yiniga qaytamiz: Teo va Dodo o‘rtasidagi kurashda hech qanday penalti yo‘q edi sport nuqtai nazaridan. Hatto qoidalarga ko‘ra ham. Shaxsan men Reynders bilan bog‘liq vaziyatda ham hech qanday penalti ko‘rmadim. Ha, to‘qnashuv bor, lekin 11 metrlik jarima zarbasiga tortmaydigan darajada. Penalti yo‘q! Har holda, menga qo‘yib berishganida, shunga o‘xshash vaziyatlarda hech qachon «nuqta»ni ko‘rsatmasdim. Qisqasi, hozirgi futbolda hakamlar faqat qoidalar asosida hukm chiqarishmoqda, bunda inson omili, vaziyatni tafakkur bilan talqin qilishga hojat qolmayapti.

- Endi doimiy muammo - zich taqvim haqida gaplashaylik. Karlo Anchelotti buni ayblanuvchi alibiga yopishib olishi foyda bermaydigan holatga qiyosladi. Menejerlar, murabbiylar va jamoa sardorlar yig‘ilib, ushbu masalani muhokama qiladigan, UYEFA yoki FIFAga o‘z takliflarini aytadigan qandaydir Kongress yo‘q. Xo‘sh, nima qilish kerak? Zero, taqvim chindan ham, katta muammoga aylanmoqda...

- UYEFA yoki FIFA klublar bilan hech qachon muzokaraga bormaydi. Chunki hamma pulga muhtoj. Vaholanki, futbol taqvimi allaqachon chegaradan o‘tib ketdi. Hozir Superliga g‘oyasini qo‘llayotgan ba’zi klublarda katta qarzdorlik bor, demak, ularga pul kerak. Bunday holatda klublar vakillari kamroq o‘ynash kerakligini aytolmaydilar, chunki pulga ehtiyojlari baland. Nega yangi-yangi turnirlarni yo‘lga qo‘yishda davom etishmoqda? Chunki pul topishning yagona usuli - o‘yinlar yaratish. Hozirgi holatda bitta yechim ko‘rinmoqda: futbolchilar kamroq o‘ynashni xohlashsa, maoshlari miqdori pasayishiga rozi bo‘lishlari kerak. 

- Keling, «Milan» mavzusiga o‘taylik. Vaqtida jamoa sardori bo‘lgansiz, hozirgi kunda bog‘ich nimani anglatishini bilasizmi?

- Ayni payt har bir jamoa­da 3-4 nafar sardor bor. Ochig‘i, menga shunisi yoqmaydi. Aslida jamoada bog‘ich bir kishiga tegishli bo‘lishi va qolganlar aniq yetakchi borligini tan olishlari kerak.

- Tabiatan optimistmisiz yoki barchasiga ehtiyotkorroq yondashasiz?

- Biroz ehtiyotkordirman... Futbolda jamoa birligini topish yo‘lida ko‘p kuch sarflanadi. Hozirgi «Milan» o‘yin­lariga qarasam, kuchli futbolchilarga ega jamoani ko‘rayotgandek bo‘laman. Aslida kuchli jamoani ko‘rishni istardim. Agar yuqori darajada o‘tgan «Milan derbisi»ni chetga surib qo‘ysak, futbolchilar biror marta «Biz birgalikda kuchlimiz» shiori ostida harakatlanuvchi jamoa vakillari ekanliklarini his qilishmadi. Nega? Aslida yigitlarning salohiyati baland, ammo «Milan»ning yaxlit kuchga aylanishiga hali bor. Asosiysi, harakat yo‘q emas. Har holda, «Milan» joriy yil bir necha o‘yinda shunday tuyg‘u bera oldi.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:55, 31.10.2024.
O'qildi: 749 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.