Yaqindagina «Redd Bull» tizimidagi klublarda ishlash bo‘yicha shartnoma tuzgan «Liverpul»ning sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp Einfach mal Lupen podkastida Germaniya milliy jamoasi afsonalaridan biri Toni Kroos bilan chaqchaqlashdi.
Suhbat davomida gap asosan 2018 yilgi CHL finaliga qadaldi. Ya’ni Klopp «Real»ning sobiq vakiliga Serxio Ramos o‘sha bahsda Muhammad Salohni atayin «sindirgan»ini bot-bot eslatdi.
- Yurgen, Serxio Ramosning Salohga nisbatan ishlatgan qo‘polligini hali ham unutmagan ko‘rinasiz...
- Agar «Real» muxlisi bo‘lmasang, Ramos o‘ta shafqatsiz qo‘pollik ishlatganini ayta olarding. O‘sha vaziyat ham futbolda g‘alaba uchun har qanday g‘irromliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkinligidan dalolat. To‘g‘ri, aslida Salohning bunday to‘qnashuvlarda jarohatlanishi ehtimoli past, ammo o‘sha vaziyatda unga omad kulib boqmadi. Umuman olganda, futboldagi rejalashtirilgan bunday qo‘polliklar uchun boshqacha baho berish kerak. Endilikda barcha o‘yinlarda VAR tizimi ishlamoqda va shunga o‘xshash qoidabuzarliklarni qayta ko‘rib chiqib, to‘g‘ri baholash imkoniyati ancha oshdi. O‘zi Ramos o‘sha finalda juda qo‘pol o‘ynagandi. Deylik, dastavval darvozabonimizga tirsagi bilan zarba bergan bo‘lsa, keyin yarim himoyachimizni futbolga mos kelmaydigan usulda maydonga yiqitdi. Nazarimda, biror jamoa bunday qo‘polliklar orqali finalni o‘z foydasiga hal qilishini boshqa ko‘rmasak kerak. Bunga ishonchim komil.
- Umuman, Ramosga qanday tavsif berasiz?
- Xo‘sh, janob Serxio Ramos chindan ham, oddiy va yaxshi yigitmi? Albatta, u men alohida qadrlaydigan sevimli futbolchilar qatorida emas. O‘shanda Saloh yelkasidagi kuchli og‘riqqa qaramay, qo‘pollikni oddiy holatdek qabul qildi. O‘yindan keyin esa ancha asabiylashgan, Ramosning xatti-harakatidan ruhan ezilganini aytgandi. Ochiq gapiraman, inson sifatida Serxioning o‘yinga bunday munosabatini aslo yoqlamayman. Deylik, u bizga qarshi finaldan 1 yilcha oldin «Yuventus» bilan o‘yinda himoyachi Kuadradoning qizil kartochka olishini ta’minlagandi. Vaholanki, Xuan raqibiga yengil tegingan, ammo Ramos katta «shou» namoyish etgandi. Biroq keyinchalik bu haqda hech kim bir og‘iz ham gapirmadi.
- Qiziq, Ramosni o‘z jamoangizda ko‘rishni xohlarmidingiz?
- Ochig‘i, bunday mentalitetni hech qachon tushunolmasam kerak. Umuman, men ishlagan jamoalarda bunday futbolchi o‘ynamagan. Mabodo uchraganida ham, undan tezroq qutulish choralarini izlardim. Umuman, hamisha jamoamning markaziy himoyachilariga g‘irrom uslublar qo‘llamaslik bo‘yicha ko‘rsatma berib kelganman.
- CHL-2021/2022 finalini qanday eslaysiz? O‘shanda ham «Madrid»ga yutqazgandinglar?
- «Real» - natija mashinasi, ayniqsa, CHLda. Ha, o‘sha finalda g‘alabaga haqli edik, ammo bunga «Madrid» darvozaboni Tibo Kurtua imkon bermadi. Mag‘lubiyatni qabul qilishda rosa qiynalganimiz rost. Hech qachon «Real» kabi kuchli bosimga chidamli jamoani uchratmaganman. Hammasi oddiy: birinchi navbatda himoyani mustahkam ushlash, keyin muhim pallada hujumga o‘tish...
XURSHIDBEK tayyorladi