Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Salim Mustafoyev: "Bizga yetishmagan yagona jihat - barqarorlik"

Salim Mustafoyev: "Bizga yetishmagan yagona jihat - barqarorlik"

Baho:
+ | -

Vadim Abramov boshqaruvida Superligaga qaytgan Samarqand «Dinamo»si joriy mavsum o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ymagan bo‘lsada, mazmunli o‘yinlari bilan ijobiy taassurot uyg‘otdi ko‘pchilikda.

Tabiiyki, sifatli fuubolning yo‘lga qo‘yilganida bosh murabbiy barobarida tajribali ijrochilarning roli katta. Xususan, jamoa sardori Salim Mustafoyevni alohida e’tirof etish mumkin. Xo‘sh, yaqin o‘tmishda eng istiqbolli himoyachilardan biri sifatida ko‘zga tashlangan futbolchi «Dinamo»ning yakunlanayotgan mavsumdagi ishtirokidan qanchalik qoniqmoqda?

- Salim, boshlanishiga odatiy savol - sardorlik bog‘ichi shaxsan siz uchun nimani anglatadi? Bu mas’uliyatmi yoki o‘ziga xos maqom yoki e’tirof?

- Avvalo, mas’uliyat, shuning barobarida qo‘shimcha motivasiya. Futbolchi sardorlik bog‘ichini bejiz olmaganini mudom isbotlashi lozim. Oddiy aytganda, bog‘ichni taqib maydonga tushganingizda, o‘z-o‘zidan ikki hissa ishtiyoq bilan harakatlanasiz. Sardorlik shu tomondan qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi, lekin mas’uliyati balandroq, baribir. 

- Ayni payt «Dinamo»ning eng tajribali futbolchilaridan biri sifatida «sariq bog‘ich» egasisiz. Tarkibda esa o‘yinni o‘z qo‘liga oladigan boshqa yetakchi ijrochilar ham bor. Ular orasidan kimni o‘zingizga voris o‘rnida ko‘ryapsiz?

- Ha, jamoamizda natijaga jiddiy ta’sir ko‘rsatishga qodir mahoratli yigitlar yetarli. Bunga «Dinamo»ning natijalari yaqqol isbot. Lekin bilasizmi, bizda mahalliy futbolchilar bosh rolga chiqishlari kerak. Ya’ni har bir klubda o‘zimizning yigitlar yetakchilikni qo‘lga olishlarini istardim. O‘zimga voris ko‘rsatishim esa joiz emas. Binobarin, jamoada sardorlik bog‘ichi kimga berilishini murabbiy yoki futbolchilarning o‘zlari hal qilishadi.

- Professional faoliyatingizning eng esda qolarli qismini «Lokomotiv»da o‘tkazib, sovrinlarga ega chiqqansiz, shuningdek, milliy jamoamizdan chaqiruv olgansiz. Barchasi ko‘ngildagidek ketayotgan bir pallada «temiryo‘lchilar» bilan xayrlashib, «Qizilqum» safiga qo‘shilgandingiz. Hozir bunday keskin o‘zgarishning asl sababini ayta olasizmi?

- O‘sha vaqt «Lokomotiv» bilan yarim yillik shartnomam qolgandi. Jamoadan kelishuv muddatini uzaytirish taklifi tushavermagach, klubimni o‘zgartirishga qaror qildim. O‘shanda faqat Navoiy klubidan aniq taklif olganman.

- Vadim Abramov qo‘l ostida faoliyatingizdagi dastlabki sovrinni qo‘lga kiritish barobarida turli yosh toi­fasidagi terma jamoalarda o‘ynadingiz. Qarangki, jonajon shahringizga qaytishingiz bilan yo‘llaringiz yana tutashdi. Bu tasodifmi yoki Abramov tanlovi?

- Har ikkisi. Bilasizmi, Abramov bilan bir-birimizni yaxshi tushunamiz. U nimalarga qodirligimni biladi, men esa murabbiy talablarini tushunaman. Aytgancha, Vadim Karlenovich «Bunyodkor»­ni boshqargan payt ham meni yoniga chorlagandi, ammo «Qizilqum» bilan shartnomam borligi uchun taklifni qabul qilolmagandim. Nasib ekan, mana, «Dinamo»da yana birga ishlayapmiz.

- Bugungi darajaga yetishishingizda eng katta hissa qo‘shgan murabbiy sifatida kimni alohida e’tirof etasiz?

- Shu davrgacha qaysi murabbiy qo‘l ostida shug‘ullangan bo‘lsam, ulardan o‘zim uchun kerakli nimadir olganman. Lekin muayyan murabbiyni alohida ko‘rsatishim noo‘rin. 

- Ish jarayonida Abramov bilan qandaydir tortishuvlar ham bo‘lganmi? 

- Yo‘q, o‘rtamizda biror marta jiddiy muammo tug‘ilmagan. O‘z o‘rnida aytishim kerak, Abramov nafaqat kuchli mutaxassis, balki samimiy inson ham. Vadim Karlenovich istalgan futbolchi ko‘ng­liga osongina yo‘l topadi. Asosiysi, atrofidagilar bilan hamisha do‘stona munosabatda bo‘lishga urinadi.

- Abramov Samarqanddek shaharning asosiy jamoasi aslida chempionlik uchun kurashishi kerakligini bot-bot ta’kidlamoqda. Bu fikr­ga qo‘shilasizmi?

- Shubhasiz. Bosh murabbi­yimiz aytganidek, Samarqand yuqori o‘rinlarda yuradigan jamoaga munosib. Albatta, biz ham jamoa oldiga eng yuksak marralar qo‘yilishi tarafdorimiz. Lekin xohishning o‘zi bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Barqaror jamoa shakllantirish yo‘lida qilinishi zarur ishlar talaygina. Masalan, futbolchilarga qulaylik yaratish uchun baza kerak. Mashg‘ulotlar maydoni ham yaxshi emas va hokazo...

- «Dinamo» quvnoq futbol ko‘rsatish asnosida chempionatda barcha raqiblarga munosib qarshilik ko‘rsatmoqda. Ammo natijalar maqtanarli darajada emas...

- Ayni payt bizga yetishmayotgan yagona jihat - barqarorlik. Aytganingizdek, imkon qadar chiroyli o‘yin namoyish etyapmiz. Lekin o‘yinimizda hali xato va kamchiliklar ham yetarli, ularni bartaraf etsak, natijalar o‘z-o‘zidan yaxshilanadi. Deylik, joriy mavsum ochko yo‘qotilgan o‘yinlarda ham shunchaki, yengilmadik. O‘ylaymanki, raqiblar ham bizga qarshi o‘yinlarda ancha qiynalishganini tan olishadi.

- Jamoa yetakchilari va to‘purarlari haqida nima deya olasiz? Ular yanada sermahsul o‘ynashlari mumkinmidi?

- Yetakchilarimizga e’tiroz yo‘q. Ayniqsa, hujumchilarimiz o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarishmoqda. Har holda, «Dinamo» Superligada eng ko‘p gol urgan jamoalardan biri ekanligi fikrimga asos.

- Jumladan, Anvar Hojimirzayev avvallari uncha ko‘zga tashlanmagandi. U faoliya­tining yarmidan o‘tgan pallada birdaniga yuqori darajaga ko‘tarildi...

- Ha, Anvarga gap yo‘q. Uning bundan-da kuchliroq to‘p sura olishiga ishonaman. Menimcha, milliy jamoamiz uchun munosib futbolchi. Hojimirzayevning eng kuchli xislati - gohida yo‘q joydan ham gol uradi yoki jamoadoshini qulay pozisiyaga olib chiqadi.

- Og‘riqli savol: himoya doimo o‘zbek futbolining asosiy muammolaridan bo‘lib kelgan. Oxirgi yillarda bu borada vaziyat biroz yaxshilangani ham rost. Mana, «Lans»da tetik o‘ynayotgan Abduqodir Husanov Yevropaning grand klublari e’tiboriga tushdi. Himoyachi sifatida aytingchi, yosh iste’dodlarimiz Husanov yo‘lidan borish uchun nimalarga e’tibor qaratishlari kerak?

- Futbolchi qachon yuksaklikka ko‘tariladi? Faqat o‘z ustida tinimsiz ishlash or­qali. Bunga Husanovning yo‘li yaqqol misol. Deylik, Abduqodir yelkama-elka kurashda benazir. Bu o‘z-o‘zidan yuzaga chiqqan ustunlik emas-ku. Demoqchimanki, Husanov jismoniy holati ustida ko‘p shug‘ullangan. Himoyachi uchun yana bir zarur jihat - bu dadillik. Agar qaysidir himoyachi qarshisidagi hujumchi bilan dalil kurashishdan cho‘chisa, unda boshqa ampluani tanlagani ma’qul.

- Husanovga APLning bir qator jamoalari qiziqayotgani aytilmoqda. Sizning­-cha, u Angliyada o‘ynashga tayyormi?

- APLda shu paytgacha o‘zbekistonlik futbolchi to‘p surmaganini inobatga olsak, Husanovning Angliya klubiga o‘tishi alohida voqelikka aylanardi. Lekin shaxsiy fikrimcha, bunga biroz erta. Yaxshisi, «Lans»da yana bir-ikki yil tajriba to‘plagani ma’qul, menimcha. Yana kim biladi... 

Ma’lumot uchun

Salim MUSTAFOYEV

Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1991 yil 7 mart, Samarqand shahri 

Bo‘yi: 178 cm., vazni: 72 kg. 

Amplua bo‘yicha: himoyachi 

«Dinamo» (Samarqand) maktabi tarbiyalanuvchisi. 2009 yili aynan shu klubda professional faoliyatini boshlagan va 2012 yilgacha 67ta o‘yinda maydonga tushib, 1ta gol urgan. 2013-2018 yillar oralig‘ida «Lokomotiv» sharafini himoya qilib, 2 marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, 3 marta milliy kubok va 1 marta mamlakat superkubogi sohibiga aylangan. 2018 yilgi mavsumning yozgi transferlar oynasida «Qizilqum»ga o‘tgan. Navoiy klubidagi fao­liyati: 4,5 yil davomida 105ta o‘yin, 2ta gol. 2023 yili esa «Dinamo» bilan shartnoma tuzdi. Mustafoyev shuningdek, O‘zbekiston olimpiya jamoasi tarkibida Osiyo o‘yinlari-2014da ishtirok etgan. 2011 yilning 28 iyul kuni esa O‘zbekiston milliy jamoasidagi debyutini Qirg‘iziston termasiga qarshi o‘yinda nishonlagan (milliy jamoada 7ta o‘yin). Himoyachi joriy mavsum «Dinamo»ning jami 23ta o‘yinida qatnashib, 1ta gol urdi va 3 marta sariq kartochka oldi. Transfermarkt portali talqini bo‘yicha Salim Mustafoyevning transferi 125 ming yevroga baholanmoqda.

Xurshid YUSUPOV suhbatlashdi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:00, 25.11.2024.
O'qildi: 668 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.