«Xaydenxaym» klubi Baden-Vyurtemberg regionining («Frayburg» va «Shtutgart» ham shu regionda) Xaydenxaym-an-der Brens shahrida joylashgan.
Region ishsizlik darajasining pastligi va kompaniyalarning ko‘pligi («Audi Sport», «Mercedes-Benz» «Bosch») bilan shuhrat qozongan. Aynan shaharning o‘zida sellyuloza-qog‘oz sanoati va turboreduktorlar ishlab chiqarish keng rivojlangan.
Qiziqarli faktlar:
*** «Xaydenxaym» sport klubi 1846 yilda tashkil etilgan. Avvaliga u faqat gimnastika uyushmasi edi. Futbol seksiyasi 1910 yilda ochilgan. Biroq faqat 2007 yilda uyushmadan ajralib chiqib, Regional ligada ishtirok etishga lisenziya olgan.
*** 2009 yilda klub 3-divizionga, 2014 yilda esa 2-divizionga ko‘tarildi. 2019/2020 yillar mavsumida «Xaydenxaym» Bundesligaga ko‘tarilish uchun «Verder»ga qarshi maydonga tushib, mehmondagi gol evaziga (0:0, 2:2) imkoniyatni boy bergan.
*** 2022/23 yillar mavsumida klub o‘z tarixida ilk marta Bundesliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. So‘nggi turda «Yan Regensburg»dan 1:2 hisobida ortda qolayotgan jamoa 93 va 99-daqiqalardagi gollari evaziga 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, 2-Bundesliga chempioniga aylandi. «Yan Regensburg» esa 3-divizionga tushib ketdi.
*** Ortda qolgan davr mobaynida «Xaydenxaym»ni Frank Shmidt boshqarib kelmoqda. Frank jamoa safiga 2003 yilda futbolchi maqomida kelgandi. 2007 yilda butsalarini mixga ilgan futbolchini vaqtinchalik murabbiy lavozimiga taklif etishdi. Taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgan Shmidt 17 yildan beri jamoa bilan hamkorlik qilmoqda!
*** Tasavvur qiling, Frankning «Xaydenxaym»dagi faoliyati davrida «Chelsi»da 21 marta murabbiy almashdi.
*** Klubdagi «umrboqiy» ishtirokchi faqat bosh murabbiyning o‘zi emas. 33 yoshli darvozabon Kevin Myuller 2015 yildan beri «Xaydenxaym» sharafini himoya qilmoqda. Jamoa sardori Patrik Maynka esa jamoa tarkibida 6-mavsumini o‘tkazmoqda.
*** «Xaydenxaym» uy uchrashuvlarini dengiz sathidan 555 metr balandlikda joylashgan «Foyt-Arena»da o‘tkazadi. U Germaniyadagi professional klublar stadionlari orasidagi eng baland o‘yingoh.
*** Stadionning sig‘imi 15000 muxlisga mo‘ljallangan. Bu Bundesliga klublari orasidagi eng ixcham arena. Lekin klub mutasaddilari uni kengaytirish taraddudini ko‘rishayotgani haqida ma’lumotlar bor.
*** Qachonlardir mazkur stadionda atigi bitta tribuna bo‘lgan, xolos. O‘sha davrda arena bor yo‘g‘i 500 nafar muxlisni qabul qilardi. 2009 yilda keng ko‘lamdagi ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Bugungi «Xaydenxaym»:
Elitadagi debyut mavsumini 8-o‘rinda yakunlagan Frank Shmidt jamoasi YEKL turnirining saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritib, 2 o‘yin natijasiga ko‘ra (5:3) Shvesiyaning «Xekken» klubidan ustun keldi. Asosiy bosqichda esa xuddi «Chelsi» kabi bitta o‘yinda g‘alabaga erishdi - «Olimpiya» (Sloveniya) - 2:1. Kiprning «Pafos» (0:1), va Shotlandiyaning «Xarts» (0:2) klublariga imkoniyatni boy berdi.
Joriy mavsumda «Xaydenxaym» Bundesligadagi ishtiroki bilan maqtana olmaydi - 16-o‘rin, quyi ligaga tushib ketish xavfi ostidagi jamoadan atigi 5 ochkoga oldinda. Lekin undan yuqoriroq o‘rinda borayotgan jamoa bilan o‘rtadagi farq ham sezilarli emas. Ya’ni, hammasi «Xaydenxaym»ning keyingi o‘yinlariga bog‘liq.
Shuni ham ta’kidlash joizki, jamoa hozirda bir qator yetakchi o‘yinchilarisiz maydonga tushmoqda. Jumladan, o‘tgan mavsumni 12ta gol va 3ta samarali uzatma bilan yakunlagan Tim Klyayndist ham jamoani tark etgan.
«Xaydenxaym» - murabbiy jamoasi
Garchi jamoa joriy mavsumni Bundesligada juda ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘rtamiyona darajada o‘tkazayotgan bo‘lsada, YEKLdagi natijalari yomon emas. Shmidt - nemis murabbiylik maktabining malakali mutaxassislaridan biri. Pressing, kontrpressing va raqib jamoalar o‘yinlari tahlili borasida katta tajriba sohibi. Shubha yo‘qki, Frank mavsumni muvaffaqiyatli yakunlash uchun o‘zining bor kuch-malakasini ko‘z ochib ko‘rgan qadrdon klubidan ayamaydi.
A.AHMEDOV tayyorladi