Kirish Ro'yxatdan o'tish
04/01 01:00 Valensiya 1-2 Real Madrid
04/01 17:30 Tottenhem - Nyukasl
04/01 19:00 Venetsiya - Empoli
04/01 20:00 Bornmut - Everton
04/01 20:00 Aston Villa - Lester
04/01 20:00 Kristal Pelas - Chelsi
04/01 20:00 Sautgempton - Brentford
04/01 20:00 Manchester Siti - Vest Xem
04/01 22:00 Fiorentina - Napoli
04/01 22:30 Brayton - Arsenal
05/01 00:45 Verona - Udineze
05/01 16:30 Monsa - Kalyari
05/01 19:00 Fulhem - Ipsvich
05/01 19:00 Lechche - Jenoa
05/01 21:30 Liverpul - Man. Yunayted
05/01 22:00 Torino - Parma

Kilian Mbappe: "Bularning hammasi quruq gap..."

Kilian Mbappe: "Bularning hammasi quruq gap..."

Baho:
+ | -

Fransiya terma jamoasi va Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe nihoyat uzoq davom etgan sukunatni buzib Canal+ France telekanalidagi Clique dasturiga intervyu berdi.

Sentyabr oyidan beri hech qanday bayonot bermagan futbolchi suhbat davomida Parijdagi o‘tmishi, «Real»ga ketishi, Fransiya terma jamoasidagi tanqidlar va oxirgi oylarning barcha dolzarb mavzulari yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Suhbatga rozi bo‘lishining sabablari haqida:

- Mashhurlikka erishganingizdan keyin muammo shundaki, odamlar siz haqingizda istagancha gapirishadi. Hech kim bilan gaplashmagan bo‘lsangiz-da, har kuni matbuotda nimadir yangilik chop etiladi. Jumladan, so‘nggi paytlarda men haqimda asossiz ma’lumotlar ko‘payib ketdi. Shuning uchun intervyu berishga qaror qildim. Muhokamaga sabab bo‘layotgan mavzular yuzasidan o‘zim gapirmasam odamlar nima bo‘layotganini tushunmasliklari mumkin.

Yangi jamoaga moslashuv haqida:

- «Real»da juda baxtliman. Hayotimda yangi bosqich boshlanmoqda. Chet eldagi dastlabki tajribamni mehmondo‘st odamlari bo‘lgan ajoyib mamlakatda orttiryapman. Men Ispaniyada sovrinlarga erishishni juda xohlayman va diqqat e’tiborimni shunga qaratganman. Til borasida muammo yo‘q, ammo yangi mentalitet hamda madaniyatga moslashish kerak.

Tanqidlar haqida:

- Meni o‘ta mukammal odam yoki robot deb o‘ylashadi shekilli. Aslida, boshqalar kabi oddiy insonman. Ba’zida tanqid qilishadi, ba’zan maqtashadi, bunga ko‘nikib ketganman. Lekin yaqinlaringizni haqorat qilishsa chidab turish qiyin. To‘g‘risi, fransuz televideniyasi bilan aloqam yo‘q. Madridda buni kuzatmayman ham. Aksincha, yaqinlarim ko‘rib, qandaydir yangilik bo‘lsa yetkazib turishadi.

Stokgolmdagi voqea haqida:

- Ochig‘i, vaziyat bunday tus olishini kutmagandim. Hayotda shunday narsalar sodir bo‘ladi-ki, siz ularga hech qachon tayyor bo‘lolmaysiz. To‘g‘risi, matbuot yozayotgan voqea yuzasidan hech qanday chaqiruv qog‘ozi olmadim. Odamlar nimani o‘qigan bo‘lsa men ham shuni o‘qidim, boshqasidan xabarim yo‘q. Agar arzirli biror gap bo‘lganida Shvesiya hukumati endigacha aloqaga chiqqan bo‘lardi. Bu shunchaki tushunmovchilik. Bordiyu, vaziyat yuzasidan meni chaqirishsa «labbay» deb, javob beraman. Aslida, dam olish uchun chet elga bormoqchiligimni aytganimda Karlo Anchelotti uncha ko‘zga tashlanmaydigan joyga borishni maslahat bergandi. Lekin men Kilianman va meni hamma joyda tanishadi. Biz istiqomat qilgan mehmonxona atrofida juda ko‘p odamlar, jurnalistlar bor edi. Ular restorandan chiqib ketayotganimni suratga olishdi, xolos. Umuman barchasi ko‘ngildagidek kechdi. Biroq, Madridga qaytish uchun samolyotga chiqqach, yoqimsiz xabar eshitdim... Men o‘sha arizachi kimligini bilmayman. Ammo o‘sha kuni tunni biz bilan o‘tkazgan odamlar bilan muloqot qilishni davom ettiryapman. Chunki, kelajakda hamma narsa sodir bo‘lishi mumkin.

Siyosat haqida:

- Fransiya xilma-xillikka to‘la mamlakat. Masalan, Parij tashqarisidagi Bondi shahrida o‘sganimga qaramay, Monakoda boshqacha madaniyatga duch keldim. Keyin esa o‘sha siz tanigan Kilianga aylandim. Lekin hamisha o‘zimni Fransiya fuqarosi sifatida ko‘rsatishni xohlaganman. Muloqot uchun ochiq odamman. Menga taalluqli biror narsani ko‘rsam, albatta javob qaytaraman. To‘g‘risi, Fransiya termasi bilan sodir bo‘lgan voqea menga qattiq ta’sir qildi. Biz ushbu mamlakat fuqarolarimiz. Hech kim mukammal emas, lekin meni vatanim haqida qayg‘urmaslikda ayblash mutlaqo noto‘g‘ri.

Fransiya termasidagi vaziyat haqida:

- Hayotda barcha insonlar duch keladigan ma’lum qiyinchiliklar menda ham bor. Lekin har qanday vaziyatda ham o‘zligimdan voz kechmayman. Hali ham terma jamoamni yaxshi ko‘raman va mamlakat bosh jamoasi libosida maydonga tushishni sog‘indim. Sentyabr oyida bosh murabbiydan hozircha yig‘inlarga chaqirmay turishini so‘radim. Sababi, Madridga endigina kelgan va ta’tilda juda qisqa vaqt dam olgandim. Oktyabrda jarohat sabab safdan chiqdim. Noyabrda esa terma jamoaga chaqirilganlar ro‘yxatida yo‘q edim. Buning sababini so‘raganimda murabbiy meni bezovta qilmaslik yaxshiroq ekanini ta’kidladi. Bu uning qarori, jamoani o‘zi boshqaradi va men bunga bo‘ysunishga majburman. To‘g‘risi, nega meni so‘nggi yig‘inga taklif qilishmaganini bilmayman.

Taqvim haqida:

- Bu borada mening fikrim tamoman boshqacha. Agar mana shunday zich taqvim asosida o‘ynashimizni xohlasangiz, marhamat o‘ynaymiz. Ammo keyingi uchrashuvga tiklanish uchun vaqtimiz yo‘q. Hammasi taqvimga bog‘liq. Masalan, NBA (basketbol chempionati)da 4 oylik tanaffus mavjud. Biz esa 2 hafta dam olamiz. To‘g‘ri, ko‘p pul topamiz. Lekin eng ko‘p maosh beriladigan boshqa sport turlarida ham yetarlicha dam kunlari bor. Men o‘ynashni xohlamaymiz demayman, lekin kelinglar dam ham olaylik.

«Madrid»dagi ilk kunlari haqida:

- Qachon va qanday qilib bilmayman, lekin vaqti kelib, «Real»da o‘ynashimga ishonchim komil edi. Madriddagi taqdimotdan bir kun oldin 3 soatlik brifing tashkil etildi. Ertasi kuni jamoadagilar bilan birinchi muloqot bo‘lib o‘tdi va bosh murabbiy bilan uchrashdim. Keyin «Bernabeu»ga yetib keldik, Zizu ham o‘sha yerda edi, muxlislar meni xuddi qiroldek kutib olishdi...

«PSJ»ni tark etish haqida:

- «PSJ» men uchun juda qadrli klub. Men u yerda ajoyib 7 yilni o‘tkazdim. Ehtimol, xatoim shunda bo‘ldi-ki, men hamma narsani aralashtirib yubordim. Rahbariyat bilan kelishmovchiliklarga duch keldim, o‘yinchi sifatida huquqlarimni himoya qildim, ammo klub obro‘siga putur yetkazmadim. Muxlislarga kelsak, ular sodir bo‘layotgan hamma narsadan xabardor emaslar.

«PSJ»ning YECHLdagi imkoniyatlari haqida:

- Men doim «PSJ» o‘yinlarini tomosha qilaman va jamoa natijalariga befarq emasman. Parijliklar kelajakda azaliy orzu - YECHL bosh sovrinini qo‘lga kiritishlarini umid qilaman, chunki muxlislar buni judayam xohlashmoqda. Lekin hozir emas, sababi mazkur musobaqada ayni damda men g‘alaba qozonishim kerak. To‘g‘ri, yetuk futbolchi sifatidagi ilk hikoyamni Parijda yozdim, rekordlarni yangiladim, unvonlarni qo‘lga kiritdim. Biroq, hozirda dunyoning eng yaxshi klubi - «Real»ga aynan yirik turnirlarda g‘alaba qozonish uchun kelganman.

Depressiya haqida:

- Charchagan paytlarim ko‘p bo‘lgan, lekin umuman tushkunlikka tushmaganman. Sportda umidsizlikka uchraganmanmi? Bularning hammasi quruq gap.

JCH-2022 haqida:

- Natijadan juda xafa bo‘ldim, lekin bu Argentina va Messi edi. Tortishganimizmi? Biz final haqidagi umumiy xotiralarni birga yaratdik. O‘ylaymanki, bu o‘yin bizni bir-birimizga yanada yaqinlashtirdi.

«Oltin to‘p» haqida:

- Men uchun g‘alaba qozonish muhim bo‘lgan yirik turnirlardan biri -CHempionlar ligasidir. Hozir, aynan shuning uchun dunyoning eng yaxshi klubidaman. Yevropa chempionati? Hattoki, Olimpiya o‘yinlarida ham qatnashishim mumkin. Shaxsiy sovrinlar ham muhim, albatta, masalan, «Oltin to‘p». To‘g‘risi, o‘ylagan maqsadlarimga erishish uchun maydonda va undan tashqarida nimalar qilishim kerakligini yaxshi bilaman.

Ukasi haqida:

- Ukam Etan uchun «PSJ» bilan shartnomamni uzaytirishim ham mumkin edi. Chunki, men uchun «Real» qanday ahamiyatga ega bo‘lsa Etan uchun «PSJ» shunday edi. Unga: «Agar klubda qolishni xohlasang, shartnomani uzaytiraman, yana biroz shu yerda bo‘lamiz», dedim. Ochig‘i Etanga hech narsa bo‘lmasligi uchun «Real»da o‘ynash orzuimdan voz kechgan bo‘lardim. Axir, o‘z orzularingizni deb ukangizning karerasini o‘ldirayotgan bo‘lsangiz, dunyoning eng yaxshi klubi bilan shartnoma imzolashning nima keragi bor?

Terma jamoadagi tanqidlar haqida:

- Yevro-2020dagi muvaffaqiyatsizlikda OAV hamda muxlislar meni ayblashdi. Vaholanki, har doim Fransiya terma jamoasini birinchi o‘ringa qo‘yganman. Qo‘limdan kelgancha terma jamoa sharafini munosib himoya qilish uchun bor kuch-g‘ayratimni ishga soldim, turli darajada jarohatlar oldim, burnimni sindirdim, ammo odamlar baribir, sen Fransiyadan ko‘ra «Madrid»ga ko‘proq e’tibor qaratgansan, deyishdi. Kishini xafa qiladigan gaplarni yozishdi...

X.YUSUPOV tayyorladi

Manba: Интерфутбол
Kiritildi: 09:21, 01.01.2025.
O'qildi: 2011 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.