Ayni payt Malayziyada «Johor Darul Tazim» sharafini himoya qilayotgan 31 yoshli Xese Rodriges faoliyatining boshlang‘ich qismida kelajagi porloq iqtidor sifatida ko‘zga tashlangan edi.
Biroq ketma-ket jarohatlar ispaniyalik vingerga yuqori darajada to‘p surish imkonini bermadi. Yevropadagi qo‘nimsizlikdan keyin Osiyo futboliga yuzlangan Xese yaqinda Mowlihawk kanali tomonidan uyushtirilgan intervyuda barchasini birrov yodga oldi.
- Xese, Marca nashri vaqtida sizni «Real» akademiyasining so‘nggi yillardagi eng yaxshi tarbiyalanuvchisi sifatida ta’riflab, iqtidor bo‘yicha Neymar va Ronaldudan qolishmasligingizni yozgandi...
- Ha, professional faoliyatim zo‘r boshlandi: «Kastilya»dagi 2 mavsumdan so‘ng «Real»ning asosiy jamoasiga jalb etmoqchi bo‘lishdi. Lekin murabbiylar klub prezidenti Florentino Peresdan meni yana 1-2 yil ikkinchi jamoada qoldirishni so‘rashdi. Shu tariqa mavsum-2012|2013da «Kastilya» uchun Segundada 22ta gol urdim va bu bilan Emilio Butragenyo rekordini yangiladim. Keyin...
- ... Keyin, 2012 yilning bahorida «MYU» sizni o‘z tarkibida ko‘rmoqchi bo‘ldi...
- Shunday. Ammo o‘sha vaqtdagi bosh murabbiy Joze Mou-rinyo meni qo‘yib yuborishni istamadi, aksincha, «Real»ning mavsumoldi yig‘iniga jalb etdi. Tabiiyki, buni xursandchilik bilan qabul qildim. Xitoyda o‘tkazilgan nazorat o‘yinida di Mariya uzatmasidan keyin gol ham urdim. O‘shanda 18 yoshli yigit edim. Esimda, jamoa yetakchisi Krishtianu Ronaldu zaxirada qolgan va aynan mening o‘rnimga maydonga tushgandi: xotiraga muhrlangan qoyilmaqom debyut.
- Biroq keyingi yili ishlaringiz birdan orqa ketdi...
- 2013 yilning iyul oyida «Real» bilan 4 yilga mo‘ljallangan yangi shartnoma tuzdik. CHL 1|8 finalidan o‘rin olgan «Shalke»ga qarshi javob uchrashuvida esa tizzamdan jiddiy jarohatlanib, uzoq muddatga safdan chiqdim. Ayni shu ko‘ngilsizlik nafaqat faoliyatim, balki hayotimni ham tubdan o‘zgartirib yubordi. Shu-shu men uchun og‘ir kunlar boshlandi, o‘z salohiyatimga ishonch hissi pasaydi. Vaholanki, jarohatdan oldin hamma bilan yuqori darajada raqobatlasha olishimga shubhalanmasdim. Axir yosh edim va dunyoning eng yaxshi klubida o‘ynardim. Florentino Peres keyinchalik meni jarrohlik amaliyoti uchun Germaniyaga yubordi. Baxtga qarshi, u yerda infeksiya yuqtirib oldim. Muhimi, sog‘ayish uchun o‘zimda kuch topdim, biroq endigina barchasini yengib, mashg‘ulotlarga qaytganimda, mavsum nihoyasiga yetdi...
- 2016 yili «Real» bilan CHLda ikkinchi marta g‘olib chiqdingiz, jumladan, 1|8 final o‘yinida «Roma» darvozasini nishonga olgandingiz. Ammo yakunda jamoadan ketdingiz. Nega?
- Ha, «Madrid»da qolishim mumkin edi, ammo Ispaniyada yetarli amaliyotga ega bo‘lmayotgandim, qolaversa, «PSJ» birdaniga 5 yillik shartnoma taklif etdi. Parijga yo‘l olishimda, jamoa bosh murabbiyi Unai Emeri ham katta rol o‘ynagandi. Shuningdek, Yevropa chempionatigacha sport formasini tiklab, Ispaniya termasiga qaytishni o‘yladim. Binobarin, Braziliya-2024 mundialida qatnashishim deyarli aniq bo‘lgan pallada jarohat tufayli chetda qolib ketgandim. «PSJ»dagi debyut ham yomon chiqmadi - ilk o‘yinda assist. Biroq yanvar oyiga kelib, shartnomani bekor qilishdi. Shunda Emeriga o‘zimni aldangandek his qilganimni ochiq aytdim, klub prezidenti Nosir al Xelayfi esa ko‘rishishni ham istamadi. To‘g‘ri, Parijda juda ko‘p pul ishladim, faqat yomon munosabat dilimni xira qildi. Ayni o‘sha vaqt «Real» dunyo bo‘yicha eng yaxshi klub ekanligini to‘liq angladim.
- Faoliyatingiz davomida bir qator tan olingan murabbiylar qo‘l ostida ishladingiz. Ulardan kimlarni alohida e’tirof etasiz?
- Avvalo, Anchelottini. Deylik, u jarohatdan qaytanimda transferi 120 million yevroga tushgan Garet Beylni zaxirada qoldirib, meni maydonga tushirgandi. Boshqa biror murabbiy bunday qilolmasdi, menimcha. Shuning-dek, Joze Mourinyoni aql bovar qilmas murabbiy va buyuk strateg sifatida eslayman. Ba’zida jizzaki fe’li tufayli futbolchilar bilan ziddiyatga borsada, o‘rtada hurmatsizlik bo‘lmasdi. Joze gohida o‘z aybini tan olib, kechirim so‘rashni ham bilardi.
- «PSJ»da Kilian Mbappe bilan birga to‘p surgandingiz. Uning «Real»dagi istiqbolini qanday ko‘ryapsiz?
- Parij klubidan ketayotganimda ham, Kilian mendan «Real» haqida so‘radi. Shunda agar «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishni istasa, aynan «Madrid»ni tanlashi kerakligini aytdim. Demak, uning jamoada muvaffaqiyat qozonishiga ishonaman.
- Krishtianu Ronaldu bilan taqqoslanishlar haqida yana nima deya olasiz?
- Krish bilan qaysidir jihatlarda o‘xshash edik, ammo matbuot oshirib yubordi. Albatta, uning ortidan borishni xohlardim. Shuningdek, biznesga jiddiy munosabatini ko‘rib, hurmatim yanada ortgandi. Krishtianu ba’zan men va Serxio Ramosni kechki ovqatga taklif etardi. O‘shanda juda yosh edim, kuchga to‘la navqiron yigitligimni his qilgan holda, o‘ylardim: «Agar shunday davom etsam, albatta, «Oltin to‘p» yutaman». Ronaldu bir safar «Oltin to‘p»ni bazaga olib keldi va mendan so‘radi: «Sen ham bunga ega chiqishni istaysanmi?» Tabiiyki, dadil javob berdim: «Albatta!» Krish shunda yaxshigina motivasiya bag‘ishladi: «Qoyil. Eng to‘g‘ri munosabat shu». Qisqasi, Ronaldu - har tomonlama kuchli shaxs!
Manba: fondoruso.ru, M.PO‘LATOV tayyorladi