Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/01 01:00 Vulverhempton 0-3 Nottingem Forest

Shavkat Salomov: «Buxoro» sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi»

Shavkat Salomov: «Buxoro» sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi»

Baho:
+ | -

Superligaga yo‘l olgan “Buxoro” klubida negadir jimjitlik. Jamoada transfer va tarkib borasida qanday rejalar bor? Klub yangi mavsumga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda? O‘tgan mavsumda qanday xulosalar qilindi? Biz aynan shu savollar bilan “Buxoro” klubi direktori Shavkat Salomovga yuzlandik. Bu jimjitlik vaqtincha ekanligi va klubda transferlar borasida katta yangiliklar borligi ma’lum bo‘ldi.

— Avvalo Superliga yo‘llanmasi muborak bo‘lsin. Endi barcha muxlislarni qiziqtirgan savolni bersak: nega klubda transferlar borasida yangilik kam?

— Yangiliklar bor. Tarkibni maksimal ravishda Superligaga moslash harakatdamiz. Tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi aniq. Legionerlar ham kelib qo‘shiladi.

— Albatta hammaga yangi kelib qo‘shiladigan futbolchilar qiziq.

— “Bunyodkor”, “So‘g‘diyona” va boshqa klublarda to‘p tepgan tajribali bir nechta futbolchilarni kuzatyapmiz. Agar hammasi o‘xshasa, tez orada ularning nomlarini e’lon qilamiz.

— Tarkibdagi o‘zgarishni taxminan foizda ayta olasizmi?

-Taxminan 60 foiz o‘tgan tarkib saqlab qolinadi. Qolganiga yangilarni jalb qilamiz. Muxlislarga shuni ishontirib aytishim mumkinki, sovrinli o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilganmiz.

— Keyingi rejalar qanday?

-12 yanvarda Xo‘jandga jo‘nab ketamiz. Kamida 2 ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishni niyat qilganmiz. Shu bilan oy oxirida yana qaytamiz. Safimizga kelgan yangilarni aynan shu o‘yinlarda sinab ko‘ramiz.

— Jamoada moliyaviy muammolar yo‘qmi?

-Yo‘q. O‘tgan mavsumdagi qarzdorliklar joriy yilda to‘lab berildi. Buning uchun rahbarlarimizga minnatdorchilik bildiramiz. Futbolchilarning maoshlari va gonorarlari to‘lab bo‘lingan. Umuman olganda bizda hammasi joyida.

— O‘tgan mavsumda bir narsaga guvoh bo‘ldik, jamoamiz kuchli raqiblarni mag‘lubiyatga uchratib quvontirgan bo‘lsa, nisbatan kuchsiz yo tajribasiz raqiblarga yutqazib qo‘ydi!

-Futbolda barqaror o‘yin ko‘rsatish juda qiyin. Albatta futbolchilarni har bir o‘yinga maksimal ravishda tayyorlashga harakat qilamiz. Lekin psixologik yo boshqa sabablar tufayli nisbatan kuchsiz jamoalarga yengilib qo‘ydik. Xatolar ustida ishlaymiz.

— Superliga yo‘llanmasini olish ham oson bo‘lmadi?

— Shunday. Pro liga saviyasini ham o‘zingiz ko‘rdingiz. Oson o‘yin bo‘lgani yo‘q. Buning ustiga “Buxoro” ikki hissa bosim bilan o‘ynadi. Uy uchrashuvlarimiz ham safarda o‘tdi. Bizga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda tushunmovchiliklar kelib chiqdi. Shu o‘rinda bizni mavsum davomida qo‘llab quvvatlagan muxlislarimizga minnatdorchilik bildiramiz.

— Tarkibga mahalliy futbolchilar ham jalb etiladimi?

— Albatta. Mahalliy futbolchilardan ham ko‘z ostimizga olib qo‘ygan iqtidorli futbolchilar bor. Bu mavsumda ham bir nechta futbolchilarning debyutiga guvoh bo‘lamiz.

— O‘tgan mavsumda tarkib borasida eng katta e’tiroz jamoamizda aksariyat yoshi katta futbolchilarning to‘planganligi bo‘lgandi?

— Ha shunday. Lekin bu yerda boshqa narsani ham hisobga olish kerak. Futbolda tajriba ham muhim. Yoshi katta bo‘lsada, tajribali o‘yinchilarni yig‘ishga harakat qilgandik. Ammo bu mavsum ishontirib aytamanki, takib yosharadi. Biz yoshlarimizga ham suyanamiz. Tarkib borasida oxirgi qarorni albatta jamoa bosh murabbiyi qabul qiladi.

— “Buxoro” klubi muxlislariga yana nima degan bo‘lardingiz?

-Men ham, jamoa bosh murabbiyi Ulug‘bek aka ham Buxoro farzandi. Har ikkimiz shu jamoada vaqtida to‘p tepganmiz. Shunday ekan jamoamizni g‘alabasini muxlislardan kam xohlamaymiz. Klubda butun bir tizimni yo‘lga qo‘yin harakatidamiz. Bu ishlar bir kunda yo bir mavsumda bo‘lmaydi. Mana “Nasaf”ga qarang. Necha yillik mehnatlar samarasini bera boshladi. Shunday ekan aksariyat muxlislarimizdan sabrliroq bo‘lishlarini so‘rardik. Hammamiz bitta narsani xohlaymiz “Buxoro” sovrinli o‘rinlar uchun kurashishini va chiroyli o‘yinni. Ular qo‘llab quvvatlashsa va yonimizda turishsa, yaxshi natijalar albatta bo‘ladi. Viloyatimiz hokimi Botir Zaripov, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi rahbari Akbar Fazilov Zafar Ibrohimov hamda boshqa mutasaddilarga yana bir bor bizga bildirilgan ishonch va yaratilgan shart sharoitlar uchun minnatdorchilik bildiraman.

— Shavkat aka, intervyuni an’anaviy savolimiz bilan yakunlasak, qaysi jamoa o‘yinlariga muxlislik qilasiz?

— Ish tufayli bo‘sh vaqt topish qiyin. Lekin “Barselona” o‘yinlarini kuzatib borishga harakat qilaman.

Mazmunli suhbatingiz va vaqt ajratganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Jamoamizdan yaxshi yangiliklar kutib qolamiz.

Manba: https://t.me/FKBUXORO04
Kiritildi: 21:24, 06.01.2025.
O'qildi: 723 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.