Kirish Ro'yxatdan o'tish
04/12 00:30 Arsenal 2-0 Brentford
04/12 00:30 Brayton 3-4 Aston Villa
04/12 00:30 Byornli 0-1 Kristal Pelas
04/12 00:30 Vulverhempton 0-1 Nottingem Forest
04/12 01:15 Lids 3-1 Chelsi
04/12 01:15 Liverpul 1-1 Sanderlend
05/12 01:00 Man. Yunayted 1-1 Vest Xem
06/12 01:00 Real Ovyedo - Malyorka
06/12 17:30 Aston Villa - Arsenal
06/12 18:00 Vilyarreal - Xetafe
06/12 19:00 Sassuolo - Fiorentina
06/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
06/12 20:00 Manchester Siti - Sanderlend
06/12 20:00 Nyukasl - Byornli
06/12 20:00 Tottenhem - Brentford
06/12 20:00 Bornmut - Chelsi
06/12 20:15 Alaves - Real Sosyedad
06/12 22:00 Inter - Komo
06/12 22:30 Lids - Liverpul
06/12 22:30 Betis - Barselona

Fabio Kannavaro: «Lippi xuddi otamdek bo‘lib qolgan...»

Fabio Kannavaro: «Lippi xuddi otamdek bo‘lib qolgan...»

Baho:
+ | -

2006 yili Italiya milliy jamoasi safida jahon chempioni bo‘lgan va o‘z davrining eng kuchli himoyachilaridan biri sifatida tan olingan Fabio Kannavaro yorqin faoliyati davomida «Parma», «Inter», «Yuventus» hamda «Real» kabi nufuzli klublar sharafini himoya qilgan.

U sovrinlarga to‘la yorqin futbolchilikdan so‘ng o‘z salohiyatini murabbiylikda ham sinab ko‘rishni xohladi, ammo dastlabki urinishlari uncha muvaffaqiyatli chiqmadi. Mana, himoyachi rolida «Oltin to‘p» yutgan sobiq futbolchi yaqinda Zagreb «Dinamo»si boshqaruvini qo‘lga oldi. Demak, Kannavaro endi Xorvatiyada ishlaydi. Quyida uning YouTube tarmog‘ida Paolo Gallo bilan bo‘lgan suhbatidan  e’tiborga molik qismlari hukmingizga havola etilmoqda.

Kannavaro intervyu avvalida «Parma»dagi faoliyatiga to‘xtalib, UYEFA kubogida kuzatilgan zafarni esladi. U jumladan, o‘sha payt klubni boshqargan Alberto Malezanini ispaniyalik Xosep Gvardiolaga qiyosladi:

- «Parma» tarkibida Tyuram, Krespo, Verona, Kyezadek ajoyib futbolchilar jamlanishgandi. 1998 yili «Marsel»ni 3:0  hisobida yengib, UYEFA kubogini qo‘lga kiritganmiz. Sovrin yo‘lida «Bordo», «Galatasaroy», «Milan» va hatto «Yuventus»ga dars berganimiz esimda. Biroq o‘sha mavsum «A» seriyada chempionlikni qo‘lga kiritolmadik, skudetto asosiy raqobatchimiz «Yuventus»ga nasib etdi. O‘sha vaqt «Parma»ni Malezani ustalik bilan boshqargan. Ha, murabbiyimiz o‘tmishda futbolchi bo‘lmagan, shuning uchun bu sohada obro‘ qozonishi juda qiyin edi. Amalda Malezani har tomonlama yetuk islohotchi ekanligini isbotlagandi. Uni bugungi «Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiolaga qiyoslash mumkin.  

Fabio shuning barobarida futbolchilik faoliyatini «Napoli»da boshlagani va «A» seriyadagi debyuti «Yuventus»ga qarshi o‘yinga to‘g‘ri kelganini xotirladi:

- Unutimas lahzalar... Nea­pol - ona shahrim va doimo  «Napoli»ga muxlislik qilganman. Ha, klubda ko‘p o‘ynamadim, muhimi, uning libosini kiyish orzum amalga oshdi. Lippi? Biz birga ishlagan vaqt «Napoli»da iqtisodiy chuqur inqiroz boshlangandi. Asosiysi, mavjud muammolarga qaramay, mavsumni yuqori sur’atda o‘tkazib, yakunda UYEFA kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandik. Lippi shundan so‘ng «Yuventus»­-ga yo‘l oldi va «Napoli» yanada og‘ir ahvolda qoldi. Marchello keyinchalik men va oilamga Xitoyda ajoyib tajriba olish imkoniyatini berdi. Aytish mumkinki, u xuddi otamdek bo‘lib qolgan.

Ha, darhaqiqat, Lippi bilan iliq munosabat Kannavaro faoliyatida katta o‘rin tutdi. Fabio «Parma» va «Napoli»dagi faoliyatidan ke­yin «Inter» libosini kiydi:

- «Inter» safiga qo‘shilganimdan 2 oy o‘tgach, jiddiy jarohat tufayli safdan chiqdim. O‘sha vaqt kuchli stress ta’sirida ruhiy tushkunlik domida qolgandim. Tez orada og‘riqni bosuvchi ukol yordamida maydonga qaytdim va bu katta xato bo‘ldi. Jamoa bosh murabbiyi Roberto Manchini va shifokorlar nega bunga yo‘l qo‘yib berishganini haligacha tushunmayman. Zero, yetarli muolaja olmay turib, yana 1 yil o‘ynagach, oyog‘imning chamasi 75 foizini his qilolmay qoldim... 

Kannavaro ma’lum muddatdan so‘ng futbolga qaytish uchun o‘zida kuch topdi va kutilmaganda, «Inter»dan «Yuventus»­ga o‘tishni ma’qul ko‘rdi:

- O‘ylaymanki, klubni almashtirishga qaror qilib, to‘g‘ri yo‘l tutdim. Har holda, bu faoliyatimga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, Turindagi ilk mavsumdayoq 38ta o‘yinda qatnashib, atigi 3 marta kartochka oldim... Ko‘pchilik «Yuven­tus»da o‘ynaganim uchun hakamlar meni ayashganini aytadi, lekin jamoa o‘yinida haqiqiy tartib o‘rnatilgandi. Eng quvontirgan tomoni, Tyuram, Buffon, Del Pyero va Ferrara bilan yana bitta klubda to‘p surdim. Ya’ni o‘zimni xuddi «Parma»da o‘ynagan vaqtdagidek yengil his qildim. 

Tushunarliki, Fabio faoliyatining eng yuqori cho‘qqisi - bu JCH-2006. Har holda, Italiya milliy jamoasi mamlakat futbolidagi korrupsion mojaroga qaramay, jahon chempionatida g‘alaba nashidasini surgandi: 

- Hozir o‘sha mundialdan olingan fotosurat yoki videolavhalarni ko‘rsam, darrov o‘zgacha tuyg‘ular qurshovida qolaman. Negaligini bilmayman, balki yoshim o‘tib borayotgani uchundir... Turnirga bog‘liq eng yaxshi xotira  - bu Dort­mundda mezbon Germaniya termasiga qarshi kechgan yarim final o‘yini. O‘ta murakkab uchrashuv, g‘alaba yo‘lida bor kuchimizni sarfladik, uchrashuvdan keyin hatto qadam bosishga ham majolimiz qolmagandi. Lekin mehmonxonaga qaytib, tashqarida g‘alabani nishonlayotgan minglab italiyalik muxlislarni ko‘rishimiz bilan charchoq o‘z-o‘zidan qayergadir g‘oyib bo‘lgandi. Naqadar yoqimli lahzalar... 

Fabio intervyu yakunida aynan mundialdagi zafar ta’sirida «Oltin to‘p» yutganini alohida ta’kidladi: 

- Ochig‘i, so‘rovda g‘alaba qozonishim mumkinligini umuman o‘ylamagandim, chunki «Oltin to‘p» odatda himoyachilarga berilmaydi. Menimcha, jahon chempionatidagi g‘alaba tufayli ushbu nufuzli sovrinni qo‘lga kiritdim. Ha, bunda «Yuventus»dagi o‘yinlarim ham katta rol o‘ynagani tayin, lekin JCH-2006 natijasi og‘irroq tosh bosdi, baribir. 

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 18:47, 29.01.2025.
O'qildi: 676 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.