O‘zbekiston milliy futbol jamoasi tarixida ilk bor jahon chempionati final bosqichiga yo‘l oldi. Bu eng muhim futbol musobaqasiga jamoani futbol olamining afsonaviy himoyachisi, italiyalik Fabio Kannavaro tayyorlaydi.
Milliy jamoaning yangi bosh murabbiyi oktyabr oyida tayinlangan edi. Kannavaro "The Guardian" nashriga bergan intervyu berdi. Unda murabbiy milliy jamoa bilan ishlash va Toshkentdagi hayot haqida gapirib berdi.
O‘zbekiston terma jamoasiga taklif haqida
Men Italiyada qolishni xohlagan edim, ammo keyin O‘zbekiston terma jamoasi va jahon chempionatida ishtirok etish imkoni paydo bo‘ldi. Osiyoda boshqa terma jamoalardan ham takliflar bor edi, lekin men ularni hatto ko‘rib ham chiqmadim. O‘zbekistonning juda yosh va iste’dodli jamoasi bor.
Federasiya butun mamlakat bo‘ylab akademiyalar ishiga katta e’tibor qaratgan va ular yaxshi futbolchilar tayyorlayapti. U17, U19 va U23 jamoalari deyarli doim Osiyoda g‘olib bo‘lishadi — bu men uchun muhim edi.
O‘zbekistondagi ish usullari haqida
O‘zbekiston tomoni bir oy davomida (Kannavaro 2025 yil 5 oktyabrda tayinlangan) biz murabbiylar shtabi kuniga Superliganing 1–2 ta o‘yinini tomosha qilganimizdan juda hayratlandi — ular bunga o‘rganmagan. Odatda murabbiylar bir necha o‘yinni ko‘rib, ketib qolishardi. Biz esa 40 kun qoldik, ko‘p safar qildik, loyihaga chuqur kirishni istadik.
Hali qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Milliy chempionatdagi o‘yin tezligi jahon chempionati darajasidan ancha farq qiladi. Bu farqni qisqartirishimiz kerak. Milliy chempionat futbolchilari uchun maxsus yig‘inlar o‘tkazamiz. Ularga faqat o‘yinlarda emas, mashg‘ulotlarda ham e’tibor qilamiz.
O‘zbekiston haqidagi taassurotlar
Biz Toshkentda yashaymiz. U — tarixiy qismi va yangi hududlari bor, o‘sib borayotgan xalqaro shahar. Odamlari yaxshi va juda mehmondo‘st. Biz juda tez moslashdik. Samarqandga ham bordik — juda go‘zal joy.
Albatta, har yerda bo‘lgani kabi, yaxshi jihatlar ham, unchalik emas joylari ham bor. Eng katta muammo — havo ifloslanishi. U juda yuqori. Lekin ish sharoitlaridan mamnunmiz, federasiya bizga yangi sport markazini taqdim etdi.
Jahon chempionatidagi vazifalar haqida
JCH-2026 da asosiy maqsadimiz — tajriba to‘plash. Shundan yarim yil o‘tgach, Osiyo Kubogi bo‘ladi. U yerda qanchalik yurishga qodir ekanimizni tushunib olamiz. Men avvalgi murabbiylarning mehnatini inkor qilmoqchi emasman — chunki aynan ular jamoani JCHga olib chiqishdi.
Men esa ular erishgan natijalarni yanada yaxshilashga harakat qilaman, futbolga biroz Yevropacha madaniyat kiritgan holda.
Jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida
Bizda ko‘plab yaxshi yosh futbolchilar bor. Jamoamizning o‘rtacha yoshi ham yosh bo‘ladi. Ular jismoniy jihatdan yanada kuchayishi kerak, chunki yevropaliklarga qarshi o‘ynash oson bo‘lmaydi. Lekin o‘zbeklar — baquvvat bolalar, ular kurashadi va hech qachon taslim bo‘lishmaydi. Ularga qarshi o‘ynash — bosh og‘rig‘i.
Bizning Urugvayga qarshi o‘yinda to‘qqiz nafar futbolchimiz turli jarohatlar bilan, yaxshi holatda bo‘lmaganiga qaramay maydonga tushdi. Lekin yigitlarimiz juda baquvvat edi va biz atigi 1:2 hisobida yutqazdik.
Jamoa bilan muloqot tili haqida
Asosan ingliz tilida muloqot qilamiz. Ular meni tushunishadi. Tarjimonim ham bor — zamonaviy futbolda bu muhim. O‘zbek tilini o‘rganamanmi? Qiyin. Avval men o‘zimning ingliz tilimni yaxshilashim kerak.
Milliy chempionat darajasi haqida
U rivojlanishga muhtoj. Investisiya ko‘p emas, infratuzilma yaxshiroq bo‘lishi mumkin. Bu — ko‘p jihatlarda o‘sishi kerak bo‘lgan liga. O‘zbekiston jahon chempionatida sensasiya bo‘lishi mumkinmi? Umid qilaman. Lekin bu mehnat, qurbonlik, bilim va o‘ziga ishonch orqali bo‘ladi. Sensasiyalar o‘z-o‘zidan yuz bermaydi.
Jahon chempionati qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Kolumbiya, Portugaliya va qit’alararo o‘tkaziladigan pley-off g‘olibi bilan bir guruhga tushdi.













