2 dekabr kuni bayonlashtirilgan Assosiasiya va Liga rahbariyati o‘rtasidagi kelishuv asosida O‘FA birinchi vise-prezidenti Ravshan Irmatov IFAB texnik direktori Devid Ellereyga rasmiy taklif yubordi. Bundan ko‘zlanayotgan maqsad Superliga uchrashuvlari davomida futbol intensivligini oshirish va toza o‘yin vaqti masalasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishishdir.
Shu yilning iyul oyida Liga ishchi guruhi MLS bilan uchrashuvlar o‘tkazgan bo‘lib, yuqoridagi masala doirasida Amerika ligasi qanday yo‘lni bosib o‘tgani va aynan nimalarga urg‘u berayotganligini o‘rgangandi. Ayni vaqtda IFAB ham mazkur tajribaning qanday qo‘llanilayotgani va uning foydasi masalasida tahlillar olib bormoqda. Bu haqda Devid Ellerey shu yilning noyabr oyida Afinada bo‘lib o‘tgan Jahon ligalari assosiasiyasining yillik yig‘ilishida 45 mamlakat Ligalari rahbarlariga ma’lumot taqdim etgan, shundan so‘ng Liga bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev Superliga yangiliklarni qabul qilishga ochiq ekanligi masalasida Ellerey bilan alohida suhbat o‘tkazgandi.

Mazkur masalani amalga tatbiq etishda birinchi navbatda klublar roziligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni inobatga olgan holda Liga 20 oktyabr kuni professional futbol klublari rahbarlari bilan uchrashuvda mazkur masalani kun tartibiga kiritgan bo‘lib, unga ko‘ra Superliganing barcha klublari toza va murosasiz futbol uchun xizmat qiladigan yurishni qo‘llab-quvvatlagandi. Liga klublar roziligini olgach, Assosiasiya va Liga o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda esa O‘FA taklifni har tomonlama o‘rganib chiqqan holda ma’qulladi.

O‘zbekiston tomonining taklifi asosida IFAB futbol qoidalariga kiritilishi rejalashtirilayotgan yangi o‘zgarishlarni Superliga miqyosida ham sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangiliklarni amalga oshirish, qoidalarning qanday mexanizmlar asosida ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqib, Devid Ellerey Toshkentga taklif etildi va u katta ehtimol yanvar oyida o‘z tashrifini amalga oshirishi mumkin.

Futbol intensivligi va toza o‘yin vaqtini yaxshilash yo‘lidagi mazkur qadam Liga uchun muhim hisoblanadi. Qo‘shimchasiga Liga futbolchilar harakatlarini har taraflama chuqur tahlil qiladigan jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri bilan hamkorlikda ishlashni davom ettirayotgan bo‘lib, tez orada mazkur masalada ham yakuniy kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan. Bu boradagi barcha o‘zgarishlar haqida keyinchalik batafsil ma’lumot beriladi.













