«Andijon»ning yangi mavsumdagi yangi transferlaridan biriga aylangan Jamshid Boltaboyevni muxlislarga ortiqcha tanishtirish shart emas. Chunki tajribali yarim himoyachini barcha yaxshi biladi.
Jamoaning Antaliya yig‘inida qatnashayotgan futbolchi klub matbuot xizmatiga fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Samvel Vyacheslavovich qo‘ng‘iroq qildi”
— Assalomu alaykum, intervyuga taklif qilganingiz uchun rahmat. «Burgutlar» safiga qo‘shilishimni asosiy sababi Samvel Babayan. Chunki bu insonni 7-8 yoshimdan beri taniyman. Samvel Vyacheslavovichdan ko‘p narsa o‘rganganman. «Navbahor»da ham 2,5 yil birga ishladik. «Andijon»ga bosh murabbiy bo‘lgach, menga qo‘ng‘iroq qildi va taklif qildi. Bu haqida o‘ylab ham o‘tirmadim. «Andijon»ni bilaman, ularga qarshi ko‘p o‘ynaganman va o‘zaro uchrashuvlarimizdan yaxshi xotiralar qolgan. Shuning uchun ikkilanmasdan taklifni qabul qildim.
“Bu yerdagilar barchasini o‘z vaqtida bajarishyapti”
— Taassurotlarim juda ijobiy. Negaki, bu yerdagi barcha futbolchilar va ishchilar ham o‘z ishlarini vaqtida bilib qilishyapti. Ko‘p jamoalarda bo‘lganman. Masalan, klub ishchi-xodimlarida ham farq borda. Bu yerdagilar esa barchasini o‘z vaqtida bajarishyapti. Har tomonlama rivojlanishga harakat bo‘lyapti. Shuning uchun barchasi yaxshi va ko‘ngildagidek.
“Endi «Andijon»daman”
— Oldin hech vodiyda o‘ynayman deb o‘ylamagandim. Agar Babayan vodiyda ishlamaganida balki kelmasdim. Aytib o‘tganimdek, 2,5 yil «Navbahor»da to‘p surdim, keyin vaziyat taqozosi bilan «Neftchi»da yarim yil o‘ynadim va yana Namanganga qaytdim. Endi «Andijon»daman va mana vodiyni uchinchi klubi ham nasib qildi.
“Superligada raqobatchi klublar ko‘paymoqda”
— Jamoamizdagi o‘zgarishlar yaxshi. Superligada ham raqobatchi klublar ko‘paymoqda. Futbolchilarga ham, muxlislarga ham juda qiziq bo‘ladi. Oldiga jiddiy maqsad qo‘ygan jamoalar qancha ko‘p bo‘lsa, o‘yinlar ham shuncha qiziqarli bo‘ladi. Chempionat ham ancha ko‘tarinkilik bilan o‘tadi. Har tomonlama o‘sish bo‘ladi.
“Tarkib bo‘yicha qarasak ham bemalol maqsadga erishsak bo‘ladi”
— Yangi jamoa yig‘ilyapti. Tarkib bo‘yicha qarasak ham bemalol oldimizga qo‘yilgan maqsadga erishsak bo‘ladi. Hamma bir yoqadan bosh chiqarib bir maqsadni ko‘zlab, hamjihatlik bilan harakat qilsak hammasi yaxshi bo‘ladi.
“Men uchun raqam ahamiyatsiz”
— 14-raqamda o‘ynardim. Lekin bu bo‘sh emas ekan. 8-raqamni tanladim. Jizzaxda o‘ynaganimda ham 14 dan 8-raqamda to‘p surganman. Bu menga begona emas. Lekin men uchun raqam ahamiyatsiz. Faqat bo‘shligi uchun oldim.
“Asosiy vazifamiz bor va uni bajarishga harakat qilamiz”
— Muxlislarni har doim talabchan bo‘lgani yaxshi. Biz maydonga tushganda o‘z ishimizni qilamiz. Bor kuchimizni sarflab faqat g‘alaba uchun kurashamiz. Hammasi yaxshi bo‘lsa muxlislarni ham xursand qilamiz va o‘zimiz o‘ylagan maqsadga ham erishamiz. Futbol ishqibozlar uchun o‘ynaladi. Asosiy vazifamiz bor va uni bajarishga harakat qilamiz.
«Andijon» bilan ham juda qiziqarli bo‘ladi”
— Bu yil 30 yoshga kiraman. Faoliyatimni bu bosqichini men uchun yana bir yangi chaqiruv desa bo‘ladi. «Andijon»ni maqsadi jiddiy va yuqori o‘rinlar uchun kurashadi. Shuning uchun «Andijon» bilan ham juda qiziqarli bo‘ladi.
“Ilk turda uyimizda muxlislarimiz qarshisida o‘ynashni xohlardim”
— Dastlabki turda kim bilan bo‘lishidan qat’iy nazar muxlislarimiz qarshisida o‘ynashni xohlardim. Uyimizda birinchi o‘yin va ochilish bahsida g‘alaba bilan ishqibozlarni quvontirsak zo‘r bo‘lardi. U yog‘i ham yana g‘alaba ruhida davom etardi. Raqib kim bo‘lishini farqi yo‘q. Kuchli jamoalar ko‘p Oldindan bir nima deb bo‘lmaydi. Baribir 3-4 ta aniq nomlar bor. Ularni orasida biz ham bormiz. «Neftchi», «Nasaf», «Paxtakor» kabi jamoalarga biz ham raqobat qila olamiz.













