Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan SSKA - «Dinamo» o‘yinidan (3:4) keyin jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramovning kambek borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.
«Yaxshi sparring bo‘ldi, yaxshi o‘yin bilan zo‘r tayyorgarlik ko‘rildi. Hisobda uch marta ortda qolib, yakunda g‘alaba qozonganimiz xursand qiladi. Yaxshi raqib, yaxshi sharoitlar, yaxshi yig‘in. Samarqandlik muxlislarni ham tabriklash kerak, har holda SSKAni har kuni ham mag‘lub etavermaymiz. Bugun omadimiz keldi.
Rossiyaning 6 karra chempioniga qarshi superkambek? Ha, hammasi yaxshi kechdi, ayniqsa har bir futbolchiga imkoniyat berishga intildik. Boshida o‘z kuchimizga uncha ishonmadik, keyin esa o‘yin tizginini qo‘limizga olgach, ishona boshladik. Maydonda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatdik. Raqibning esa kuchli tomoni standart vaziyatlar edi, buni yigitlarga tushuntirgandik. Shunga qaramay, raqiblar bu ustunliklaridan foydalanib, gol urishdi.
Biz esa milliy jamoaga yo‘l olgan 4 nafar futbolchilarimizsiz ham o‘ynab ko‘rdik, fikrimcha bu jamoa foydasiga ishlaydi. Aslida bunday o‘yinlarda natijaga qaramaslik lozim, chunki biz bahslarda boshqa jihatlarga e’tibor qaratamiz.
Legionerlar o‘yini? Yangi o‘yinchilarimiz harakatidan qoniqdim, faqatgina Salou hali jismoniy jihatdan tayyor emas. Shu sababli uni maydondan oldim. U milliy jamoalarda o‘ynagan va hali o‘yinini kuchaytira oladi. Salou o‘yinni ko‘proq o‘ziga olishi kerak. Qolganlar esa biz kutgan darajada harakat qilishmoqda.
Abdulahad Hoshimov? U zaxiradan maydonga tushib, o‘zining kuchli jihati tezkorligini ishga soldi. Behruzning ham harakatlarini alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Qanot o‘yinchilari juda yaxshi harakat qilishdi.
Amonov va To‘xtasinovning goli? Ular futbol o‘ynashni biladigan yigitlar, ular haqida ortiqcha gapirish shartmas. O‘sha epizodlardan yaxshi harakat qilishdi. Butun jamoaning o‘yinidan qoniqdim, deyishim mumkin. Jamoa yomon ko‘rinmadi.
«Akron»ga qarshi bahs ham qiziq o‘tadi. Ehtimol, SSKA kuchimizga to‘g‘ri baho bermagandir, bunday natijadan keyin Rossiyaning bu klubi boshqacha kayfiyatda maydonga tushsa kerak. Qolaversa, ular bilan o‘z hisob-kitobimiz bor. Ular biz bilan o‘yinni bekor qilishgandi. Yigitlar yaxshi o‘yin ko‘rsatishlari kerak. Kim aslida kimligini ko‘rsatishga harakat qilamiz», - dedi Vadim Karlenovich SSKA bilan g‘alabali o‘yindan keyin klub matbuot xizmatiga.
«Dinamo» PFK matbuot xizmati













