Xabaringiz bor, kuni kecha "Buxoro" serbiyalik tajribali vinger bilan shartnoma imzolagan edi. Vladimir Rodich ilk bor klub matbuot xizmatiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Rodich, avvalombor sizni «Buxoro» jamoasida ko‘rib turganimizdan xursandmiz! Klubga qo‘shilish taklifi sizda qanday paydo bo‘ldi?
— Samimiy kutib olganlaringiz uchun rahmat! «Buxoro» jamoasining qiziqishi haqida ikki hafta oldin agentim orqali eshitgan edim. Eshitgan zahotim “O, bu ajoyibku” deb o‘yladim. Chunki bu o‘zbek madaniyati bilan yaqindan tanishish, rus tilimni yaxshilash, Osiyo qit’asida o‘zimni sinab ko‘rish uchun ajoyib imkoniyatdir. Undan tashqari, O‘zbekiston Superligasi o‘yinlarida maydonga tushib, g‘alaba uchun kurashish qiziq tuyuldi.
— Ayni vaqtda «Buxoro» jamoasining Antaliyadagi mashg‘ulotlarida ishtirok etyapsiz, o‘rtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushishga ulgurdingiz, dastlabki tassurotlaringiz qanday?
— Yig‘in o‘tkazish uchun Antaliya haqiqatdan ham ajoyib shahar, garchi ob-havo bu yil noqulay kelgan bo‘lsa ham, mashg‘ulot va o‘yinlar o‘tkazish uchun barcha sharoitlar mavjud. Hozirgacha ko‘rganlarimdan xulosa shuki jamoada tajriba va yoshlarning yaxshi uyg‘unligida. Bu yuqori darajadagi o‘yinlarda g‘alaba qozonish uchun zarur. So‘ngi nazorat uchrashuvida natija biz kutgandek bo‘lmadi ammo mavsum boshlanishiga qadar bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlari va ko‘plab mashg‘ulotlar bor. Shuning uchun 1-turda «Qo‘qon-1912» jamoasiga qarshi o‘yinda 100 foiz tayyor holda bo‘lamiz.
— Bu sizning Superligada ilk bor ishtirok etishingiz, O‘zbekiston va umuman o‘zbek futboli haqida sizda qanday ma’lumotlar bor edi?
— Shubhasiz, butun dunyo bo‘ylab har bir kishi, O‘zbekiston davlatining JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani tarixiy voqea ekanligi haqida eshitganidan so‘ng bu davlat bilan yanada yaqinroqdan tanishdi. O‘zim ham boshlang‘ich sinflarda, O‘zbekiston haqida juda ko‘p ma’lumotlarni eshitganman. Bu yerning odamlari juda samimiy, ko‘ngli ochiq, o‘zining urf-odatlariga ega mamlakat. O‘zbekiston va uning madaniyati bilan yaqindan tanishishni intizorlik bilan kutyapman.
Bir necha yil oldin Samarqandning «Dinamo» jamoasida harakat qilgan, serbiyalik darvozabon do‘stim, liga haqida bir qancha ma’lumotlar bilan bo‘lishgan edi va u yerda oson o‘yinlar bo‘lmasligini, futbolchilari yuqori texnika va jismonan kuchli ekanligini ta’kidlab o‘tgan edi. Shuning uchun yangi mavsum startini intizorlik bilan kutyapman.
— O‘zbek klublari va muxlislari legioner futbolchidan har doim ko‘proq narsa kutishadi…
— Bu haqida men tushunaman, Legioner futbolchilar jamoaga ko‘proq foyda keltirilishi uchun olib kelinadi. Mendan nima kutilayotganini ham bilaman va uni maydonda ko‘rsatishni intiqlik bilan kutyapman.
— Yangi mavsum oldidan buxorolik muxlislarga tilaklaringiz.
— Yangi mavsum starti oldidan, barcha muxlislarimizga omad tilayman. Ularning tribunadan qo‘llab-quvvatlashi orqali biz ajoyib g‘alabalarga erishamiz! «Qo‘qon-1912» klubiga qarshi o‘yinda ko‘rishguncha!













