Shotlandiya futbolida tarixiy voqealar sodir bo‘lmoqda. Ilk bor 1985 yildan beri mamlakat chempioni «Seltik» yoki «Reynjers»dan boshqa jamoa bo‘lishi ehtimoli juda yuqori.
Ser Aleks Fergyuson izidan
Shotlandiya Premyer-ligasi deganda aksariyat futbol muxlislarining xayoliga faqat ikki nom keladi: irland muhojirlari tomonidan tashkil etilgan «Seltik» va Britaniya an’analarining ramzi hisoblangan «Reynjers». Glazgodagi bu ikki klub o‘rtasidagi derbi — Yevropadagi eng qizg‘in va murosasiz to‘qnashuvlardan biri.
Boshqa jamoalar esa, odatda, Shotlandiyadan tashqarida deyarli e’tiborsiz qolib ketadi. Biroq 2025/2026 yilgi mavsum barcha qoliplarni parchalamoqda.
23-turdan so‘ng turnir jadvalini «Xart of Midlotian», yoki muxlislar odatda aytganidek, «Xarts» ishonchli tarzda boshqarib turibdi. Edinburg jamoasi oxirgi marta 1960 yilda chempion bo‘lgan, yaqin o‘tmishda esa jiddiy moliyaviy inqirozni ham boshidan kechirgan. Bugun esa «Xarts» «Seltik» va «Reynjers»ni ortda qoldirib, tarixiy chempionlik sari jadal ilgarilamoqda.
Agar qolgan 15 tur davomida ham yetakchilikni saqlab qolishsa, edinburgliklar 1985 yilda Aleks Fergyuson boshchiligida «Aberdin» amalga oshirgan ulkan yutuqni takrorlaydi — ya’ni ikki grandning ko‘p yillik gegemoniyasiga barham beradi.
E’tiborlisi shundaki, bor-yo‘g‘i besh yil avval, 2020/2021 mavsumida, «Xarts» quyi divizionda harakat qilardi. O‘shanda bu klub ustidan kulganlar ko‘p edi. Bugun esa jamoaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari 100 mingdan ortiq obunachiga ega. Va muxlislar soni kun sayin ortib bormoqda.
Makinnes — Jons tandemi
«Xarts» muvaffaqiyati ikki asosiy tayanchga qurilgan: bosh murabbiy Derek Makinnes va 2024 yil oxirida tayinlangan sport direktori Grem Jons. Makinnes avvalroq «Aberdin» bilan ishlagan davrida ham Glazgo grandlariga qarshi jiddiy kurash olib borgan edi. Jons esa futbol bozorida haqiqiy xazina qidiruvchisi sifatida tanilmoqda — u jamoa uchun dunyoning turli, hatto ekzotik burchaklaridan iqtidorlarni topa oldi.
Bugun liganing eng yaxshi assistenti hisoblangan Aleksandros Kiziridis «Xarts»ga Slovakiyadan kelgan. Zaxiradan tushib o‘yin taqdirini hal qila oladigan Pyer Kabore Estoniyadan, chempionatning to‘rtinchi eng yaxshi to‘purari Klaudio Braga esa Norvegiyaning ikkinchi divizionidagi «Olesunn» klubidan taklif etilgan. 2026 yil yanvar oyida esa Jons yana bir qiziq transferni amalga oshirdi — Qozog‘istonning «Tobol» klubidan 26 yoshli yarim himoyachi Islom Chesnokov «Xarts» safiga qo‘shildi.
«Hali hammasi oldinda»
Albatta, «Xarts»ning yuksalishida raqiblarning muammolari ham o‘z o‘rnini tutdi. «Reynjers» ko‘plab yetakchilar bilan xayrlashdi. «Seltik» esa mavsum davomida uch marta bosh murabbiyni almashtirdi: Uilfrid Nensi bir oy ham ishlamadi, tajribali Martin O~Nil esa jamoaga ikki bor vaqtincha qaytishga majbur bo‘ldi. Biroq bu holatlar «Xarts» yutug‘ini hech qachon kamaytirmaydi. Agar «yuraklar» chempionlikka erishsa, hech kim Glazgo grandlarining muammolarini eslamaydi.
«Biz liga cho‘qqisiga o‘zimizni «Barselona» deb hisoblaganimiz uchun emas, balki ishimizni halol va to‘g‘ri bajarganimiz uchun chiqdik. Ammo bu ish hali tugamadi. Hammasi endi boshlanyapti», — deydi Derek Makinnes.
Bu baquvvat, soqoli o‘sgan murabbiyga chin dildan omad tilaging keladi. Balki u ham «Xarts» bilan tarix yaratib, keyinchalik ser Aleks Fergyuson kabi buyuk karyeraga ega bo‘lar. Ayni paytdayoq «Manchester Yunayted» rahbariyati Makinnesni diqqat bilan kuzatib qo‘ysa, yomon bo‘lmasdi.
Shotlandiya chempionlari (umumiy)
«Seltik» — 55 marta (oxirgi chempionlik: 2024/2025);
«Reynjers» — 55 marta (2020/2021);
«Aberdin» — 4 marta (1984/1985);
«Xarts» — 4 marta (1959/1960);
«Xaybernian» — 4 marta (1951/1952);
«Dumbarton» — 2 marta (1891/1892);
«Dandi Yunayted» — 1 marta (1982/1983);
«Kilmarnok» — 1 marta (1964/1965);
«Dandi» — 1 marta (1961/1962);
«Mazervell» — 1 marta (1931/1932);
«Terd Lanark» — 1 marta (1903/1904).
MUHAMMADXON tayyorladi













