«Atletiko» va Kolumbiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Radamel Falkao «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishni orzu qilgani haqida gapirib berdi.
Falkao 2012 yilgi so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu, Andres Inyesta va Xavidan keyin 5-o‘rinni egallagan edi.
«Bunday futbolchilardan keyingi o‘rinda bo‘lish katta ma’noga ega. Ayniqsa, Aguero va Forlan ketganidan so‘ng jamoani qayta qurayotgan «Atletiko»da o‘ynaganimni hisobga olsak. Diyego Simeone Gregorio Mansanoning o‘rnini egallaguncha mavsum qiyin kechgan edi.
Har bir futbolchi ham nabiralariga bunday gaplarni aytib bera olmaydi (kuladi). Men, albatta, «Oltin to‘p»ni yutishni orzu qilganman, lekin men Krishtianu va Messi avlodidanman. Ispaniyada o‘tkazgan ikki yilim davomida La Ligada 24 ta va 28 ta gol urdim. Ular bo‘lmaganida, men eng yaxshi to‘purar bo‘lardim (jilmayadi). O‘ylashimcha, «Atletiko»dagi ikkinchi mavsumimdagidek hech qachon kuchli bo‘lmaganman», — dedi Falkao.













