"Milan" vingeri Kristian Pulishichni sotib olish uchun ayni damda kimda eng katta imkoniyat borligi ma’lum bo‘ldi.
"TEAMtalk" nashrining ta’kidlashicha, hozirda Kristian Pulishichni o‘z safiga qo‘shib olish borasidagi kurashda Londonning "Tottenxem" klubi peshqadamlik qilmoqda. 27 yoshli amerikalik futbolchining vakillari bilan "Arsenal", "Liverpul" va "Manchester Yunayted" klublari ham aloqaga chiqqan, biroq eng faol qiziqish "shporlar" tomonidan bildirilmoqda. Shuni ta’kidlash joizki, yozda Pulishichning "Milan" bilan amaldagi shartnomasi tugashiga atigi bir yil vaqt qoladi.
Ushbu mavsumda Pulishich barcha turnirlarni inobatga olgan holda 21 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasini o‘n bor ishg‘ol qildi va ikkita golli uzatmani amalga oshirdi. "Transfermarkt" mutaxassislari futbolchining qiymatini 60 million yevroga baholamoqda.













