Londonning «Arsenal» klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoadagi jarohatlar mavzusida fikr bildirdi.
Yakshanba kuni «kanonirlar» Angliya Kubogining to‘rtinchi bosqichida «Uigan» ustidan yirik g‘alabaga erishishdi (4:0). Uchrashuv yakunlangach, jurnalistlar ispaniyalik mutaxassisdan jarohatlar bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirdami yoki yo‘qligini so‘rashdi.
«Ha, chunki biz qiyin davrni boshdan kechiryapmiz. Avvaliga hujumchilar safdan chiqishdi, keyin — himoyachilar, endi esa yarim himoyachilar bilan bog‘liq muammolar boshlandi. Biz hali ham vaziyatni nazorat qilyapmiz, lekin bizga sog‘lom va tayyor o‘yinchilar kerak», — dedi Arteta TNT Sports nashriga bergan intervyusida.
Chorshanba kuni «Arsenal» Premyer-liga doirasida safarda «Vulverxempton»ga qarshi bahs olib boradi.













