Londonning "Arsenal" klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta yarim himoyachi Deklan Raysning holati haqidagi savolga javob berdi.
27 yoshli futbolchi yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan "Chelsi"ga qarshi derbida (2:1) Yurryen Timberga golli uzatmani amalga oshirib, "kanonirlar"ning g‘alabasiga hissa qo‘shgan edi. Uchrashuvning 76-daqiqasida xavbek Kristian Nyorgorga almashtirildi.
"Bu qanchalik jiddiy ekanini bilmayman, lekin Deklanning o‘zi almashtirishni so‘radi. Biz tibbiy ko‘rik natijalarini kutishimiz kerak — shundan keyingina uning chorshanba kungi o‘yinda ishtirok eta olishi ma’lum bo‘ladi", — dedi Arteta matbuot anjumanida.
4 mart kuni "Arsenal" Premyer-liga doirasida safarda "Brayton"ga qarshi bahs olib boradi.













