"Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola APLda standart vaziyatlarning roli oshib borayotgani haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Avvalroq "Liverpul" ustozi Arne Slot klublar standart vaziyatlarga haddan tashqari ko‘p tayanib qolayotgani sababli Premyer-liga o‘yinlaridan zavq olmayayotganini aytgan edi.
"Standartlar muhim rol o‘ynay boshladi. Men murabbiylik faoliyatimni boshlagan vaqtlarda hammasi boshqacha edi.
Bolaligimda Angliyada burchak va jarima to‘plariga xuddi gol urilgandek xursand bo‘lishlari haqida gapirishardi. Buni juda yaxshi eslayman, demak, o‘sha paytdan beri hech narsa o‘zgarmagan.
Bu borada "Arsenal" trendni belgilab bermoqda va bu muhim jihat. To‘rt yil oldin NBAda uch ochkolik to‘plarga bunchalik katta e’tibor berilmasdi, hozir esa ko‘p jamoalar shunga urg‘u bermoqda. Bu — jarayonning bir qismi. Bir chetda o‘tirib nolish mumkin, lekin vaziyatga moslashish kerak. Bu — o‘yinning bir qismi.
Ayniqsa, Premyer-ligada bu qanday amalga oshirilayotganiga moslashish lozim. Har bir mamlakatning o‘z xususiyatlari bor va har bir klubning o‘z o‘yin uslubi mavjud. Men Arne Slot nega bunday deganini tushunaman va qaysidir ma’noda uning fikriga qo‘shilaman", — dedi Gvardiola.













