Kirish Ro'yxatdan o'tish

Sergeev va Hamrobekov «Paxtakor»ga o‘tadimi? Tojiyev javob berdi

Sergeev va Hamrobekov «Paxtakor»ga o‘tadimi? Tojiyev javob berdi

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Superligasining 3-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Navbahor” (0:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.

“Sherlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini uchrashuv haqidagi fikrlari bilan boshladi.

— O‘yinni yaxshi boshlay olmadik. Balki maydonni tozalash kerakligi uchun ko‘p kutib qolib ketgandirmiz. Ikkinchi bo‘limda o‘zimizga ikkita gol olib keldik. Yigitlarni tanimadim, ertaga buni tahlil qilib chiqamiz va xulosalar chiqaramiz.

— Bugungi mag‘lubiyatdan so‘ng, Superkubok finalidagi imkoniyatlar pasayib ketmaydimi?
— Yo‘q. Final bitta o‘yindan iborat. Bilmayman, bugun bizga nima bo‘ldi? Barchasini tahlil qilamiz.

— Dastlabki ikki turda Hamdamov va Pajishekni zaxiradan maydonga tushirgan edingiz. Bugun esa polshalik hujumchini asosiy tarkibda ko‘rdik. Ushbu qaror o‘zini qanchalik oqladi?
— Bugun butun jamoa yaxshi o‘ynay olmadi. Nima bo‘lganini bilmayman, ochig‘i. Shuning uchun tahlil qilib chiqamiz ,deb aytyapman.

— “Paxtakor” bugun raqibdan o‘yinning barcha jabhalarida ortda qolganini tan olasizmi? Balki qaysidir jihatlar bo‘yicha jamoangiz yaxshiroq bo‘lgandir?
— Barcha aspektlarda demagan bo‘lardim. O‘zimizga yo‘q joydan ikkita gol olib keldik. Nega penalti olib kelganimizni bilmayman. Boshqa ko‘zga ko‘rinarli vaziyat bo‘lmadi.

— Sergeev va Hamrobekovni “Paxtakor”da ko‘rishimiz mumkinmi? Agar FIFA ruxsat bersa?
— Ko‘ramiz. Birinchi navbatda FIFA bunday imkoniyatni taqdim etishi kerak. Shundan so‘ng muzokara olib boramiz.

— Penalti belgilanishidan oldin ham Ibragimov qoida buzgan edi. 11 metrlik jarima zarbasi ham uning xatosi tufayli belgilandi. Ibragimovni zaxiraga olishga kechikdim deb o‘ylaysizmi? U bugungi o‘yinda biroz asabiylashib ketgandek tuyuldi...
— Ibragimov biroz asabiy o‘yinchi. Bu futbol. Ko‘rib chiqamiz va nima ro‘y berganini bilib olamiz. Uni oldinroq zaxiraga olmoqchi edim.

— Noqulay ob-havo sharoiti jamoangiz o‘yiniga qanchalik ta’sir qildi?
— Ob-havo ikki jamoa uchun ham bir xil edi.

— Timur Kapadze hozirgina ushbu uchrashuvga juda jiddiy yondashgani haqida aytib o‘tdi. “Paxtakor”ning bugungi mag‘lubiyatida murabbiylarning shtabi qanchalik aybdor? Raqib jamoa murabbiylar shtabi aynan bugungi uchrashuvda o‘ta jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan ekan...
— Bunga javobni uchrashuvni tahlil qilib bo‘lganimizdan so‘ng bilib olamiz.

— Ikkinchi bo‘limning startida urilgan gol o‘yinga qanchalik ta’sir qildi?
— Birinchi daqiqadayoq o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordik.

— Hakamlarning ishiga baho berib o‘tsangiz?
— Bu haqda gapirmayman.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: @fcnavbahor
Kiritildi: 07:25, 11.03.2026.
O'qildi: 4704 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик