"Yuventus" yarim himoyachisi Fransishku Konseysau jarohatidan tiklanayotgan jamoadoshi Dushan Vlaxovichni qo‘llab-quvvatladi.
"Barcha o‘yinchilar sog‘lom bo‘lsa, har qanday jamoa kuchliroq bo‘ladi. Dushan juda kuchli, jamoaga boshqa yo‘qligi sezilayotgan o‘yinchilar kabi u ham yetishmayapti. U kundan-kunga o‘zini yaxshiroq his qilmoqda. Umid qilamizki, u tez orada maydonga qaytadi", – deya Konseysauning so‘zlarini keltiradi todomercadoweb nashri.
Shu haftada Italiya OAVlari Vlaxovich jarohatidan tuzalgani haqida yozgan edi. Biroq, ayni paytda mahalliy jurnalistlar Dushan A Seriyaning 29-turi doirasida bo‘lib o‘tadigan bugungi "Udineze"ga qarshi safar o‘yinida asosiy tarkibda maydonga tushmasligini kutishmoqda. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan soat 00:45 da boshlanadi.













