Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti yaqinlashib kelayotgan o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun tarkibni tanlash sabablarini tushuntirdi. Mutaxassis shuningdek «Santos» hujumchisi Neymar nega ro‘yxatga kiritilmaganiga ham izoh berdi.
«Neymar 100 foiz tayyor bo‘lsa, jahon chempionatida o‘ynashi mumkin. Hozir esa men uni chaqirmadim, chunki u hali to‘liq tayyor emas. Bizga ayni paytda eng yaxshi formadagi futbolchilar kerak. Neymar mashg‘ulotlarda ishlashni, o‘ynashni va o‘z sifatlarini hamda jismoniy tayyorgarligini namoyish etishni davom ettirishi kerak.
Men jahon chempionati uchun yakuniy tarkib allaqachon shakllangan deb aytmagan bo‘lardim. Baholash har bir o‘yindan keyin davom etmoqda. Hozircha darvozabonlardan Ederson, Alisson va Bento eng yaxshi variantlar, ammo biz boshqa nomzodlar uchun ham ochiqmiz. Ro‘yxatga kirmagan futbolchilar yaxshi o‘ynab, qattiq mehnat qilishi va o‘z ishtiyoqini ko‘rsatishi kerak.
Hozirgi ro‘yxatda taxminan 17–18 nafar futbolchi bor, ular jahon chempionatida ishtirok etishi mumkin. Jamoamizda hujum chizig‘ida variantlar ko‘p, yarimhimoyada biroz kamroq, qanotlarda esa yana kam. Shuning uchun men ilgari yaxshi tanimagan ikki yarimhimoyachini — Danilo va Gabriel Sarani chaqirdim, chunki bizga shunday xususiyatlarga ega futbolchilar kerak.
Himoyachilar ham asosiy tarkibga kirish uchun ishlashi mumkin, masalan Markinyos, Magalyayns, shuningdek Militao ham, agar u yaxshi tiklansa. Markaziy himoya, yarimhimoya va hujum chizig‘i bo‘yicha hali savollar bor. Shuningdek, ehtimoliy jarohatlarni ham hisobga olishimiz kerak — Yevropada mavsum juda zich.
Bugun tarkibga kirmagan futbolchilar keyinchalik yakuniy ro‘yxatga tushishi mumkin. Masalan, Paketa ham yakuniy tarkibga kirishi ehtimoldan xoli emas. Jamoaga chaqirilgan ikki yangi futbolchi esa «Botafogo» va «Galatasaroy»da juda yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda», — dedi Anchelotti ESPN nashriga.
Ma’lumot uchun, Braziliya terma jamoasi yaqinda bo‘lib o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvlarida Fransiya (26 mart) va Xorvatiya (1 aprel) termalariga qarshi maydonga tushadi.













