Vinger Rafinya Braziliya terma jamoasining Fransiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida jarohat oldi. «Barselona» rasmiy saytida Rafinyaning o‘ng oyoq orqa mushak paylari shikastlangani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Tibbiy ko‘rik Braziliya futbol konfederasiyasi tomonidan o‘tkazildi.
Rafinya «Barselona» ixtiyoriga qaytadi va tiklanish jarayonini boshlaydi. «Ko‘k-anorranglilar»ning ma’lum qilishicha, Rafinyaning safga qaytishi uchun taxminan besh hafta vaqt talab etiladi. Bu Xans-Diter Flik jamoasi uchun jiddiy zarba bo‘ldi.
Shu tariqa, Rafinya faqat may oyi boshidagina safga qaytishi mumkin. Bu esa braziliyalik futbolchi Chempionlar ligasi chorak finali doirasidagi «Atletiko»ga qarshi har ikkala bahsni va yana bir qator o‘yinlarni aniq o‘tkazib yuborishini anglatadi.
2025/2026 yilgi mavsumda Rafinya 31 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 19 ta gol va 8 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan edi.













