Angliyalik sobiq futbolchi Devid Bekxem Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Jud Bellingem haqida o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi.
22 yoshli futbolchi yaqinda jarohatidan qutuldi, u fevral oyi boshidan beri maydonga tushmayotgan edi.
«Bellingem faoliyatining boshida «Birmingem» va «Borussiya»da o‘zini juda yaxshi ko‘rsatdi, ammo «Real»ga o‘tish hamma narsani o‘zgartiradi — bu juda jiddiy qadam edi. Uning Madriddagi ilk mavsumi aql bovar qilmas darajada bo‘ldi. Muxlislar uni mehnatsevarligi va ajoyib fazilatlari uchun yaxshi ko‘rishadi. U boshqalarning qo‘lidan kelmaydigan ishlarni qila oladi va uning mahorati Angliya terma jamoasiga juda asqotadi», — deya Bekxemning so‘zlarini keltiradi talkSPORT.
Jud Bellingem 2023 yilning yozida Dortmundning «Borussiya» klubidan «qirollik klubi» safiga ko‘chib o‘tgan edi.













