«Sporting» klubining kolumbiyalik hujumchisi Luis Suares faoliyatini Angliya Premyer-ligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Correio da Manha nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, 28 yoshli futbolchining xizmatlariga «Liverpul» va «Nyukasl» klublari qiziqish bildirmoqda.
Joriy mavsumda Suares barcha turnirlarni hisobga olgan holda 42 ta o‘yinda ishtirok etdi, raqiblar darvozasini 33 bor ishg‘ol qildi va yettita golli uzatmani amalga oshirdi. Ta’kidlash joizki, hujumchi 24 ta gol bilan Portugaliya chempionati to‘purarlar poygasida peshqadamlik qilmoqda.
Suaresning «Sporting» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Suaresning bozor qiymati 28 million yevroni tashkil etadi.













