Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente Misr terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi (0:0) vaqtida musulmonlar sha’niga aytilgan hayqiriqlar yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.
"Bu umumiy fikr — bunday xulq-atvorni qabul qilib bo‘lmaydi. Biz buni butunlay rad etamiz. Menimcha, stadionda bunga to‘g‘ri munosabat bildirildi va tablo orqali ogohlantirish berildi. Tomoshabinlarning katta qismi bunday shiorlarni aytganlarni hushtaklar bilan qarshi oldi. O‘zini bunday tutadigan odamlarga futbolda joy yo‘q — ular o‘yindan xuddi hayotning boshqa sohalari kabi o‘z maqsadlarida foydalanishadi. Bundaylardan yuz o‘girish kerak", — deya de la Fuentening so‘zlarini keltiradi Marca nashri.
O‘yin Barselonada bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvning taxminan 20-daqiqasida muxlislarning bir qismi musulmonlarga qarshi kamsituvchi shiorlarni ayta boshlagan. "Kornelya-El Prat" stadionidagi ayrim tomoshabinlar bu hayqiriqlarga mos ravishda sakrab, jo‘r bo‘lishgan. Qayd etish joizki, Ispaniya terma jamoasining eng yaxshi futbolchilaridan biri, "Barselona" hujumchisi Lamin Yamal musulmon hisoblanadi.













