Madridning “Real” klubi yozgi transfer oynasi vaqtida “Manchester Siti” yarim himoyachisi Rodrini o‘z safiga qo‘shib olish borasida jiddiy harakat boshladi. TEAMtalk nashrining yozishicha, Rodrining vakillari “Manchester Siti” rahbariyati bilan uchrashib, futbolchining transfer narxi va ketish shartlarini muhokama qilgan. Madridliklar ushbu kelishuvni Jahon chempionati boshlangunga qadar yakunlashni maqsad qilgan.
Klub rahbariyati Rodrini jamoani tark etgan futbolchilar — Toni Kroos va Luka Modrichning o‘rnini bosa oladigan yangi yetakchi sifatida ko‘rmoqda. Xabarlarda aytilishicha, “Real” ushbu transfer uchun haddan tashqari ko‘p mablag‘ sarflash niyatida emas. Madridliklar 60 million yevro atrofidagi taklif “Manchester Siti”ni kelishuvga ko‘ndirish uchun yetarli bo‘ladi, deb hisoblashmoqda. Bu vaziyat futbolchining amaldagi shartnomasi yakunlanib borayotgani va uning Ispaniyaga qaytish istagi bilan izohlangan.
Shu bilan birga, Eduardo Kamavinganing sotilishi ehtimoli fonida, “qirollik klubi” Aleksis Makallister, Enso Fernandesh va Sandro Tonali kabi variantlarni ham ko‘rib chiqmoqda, biroq aynan Rodri asosiy nishon bo‘lib turibdi.
“Manchester Siti” ustozi Pep Gvardiola ham ushbu transferga to‘sqinlik qilmasligiga shama qildi: “Dunyoda ‘Real’da o‘ynash imkoniyatini rad etadigan futbolchi yo‘q. Agar o‘yinchi baxtsiz bo‘lsa, u ketishi kerak. Agarda u o‘zining darajasiga mos taklif bilan xonamizga kirsa, uni to‘xtatib qolmaymiz”.
2024-yilgi “Oltin to‘p” sohibining amaldagi shartnomasi kelasi yili yakuniga yetadi va futbolchining o‘zi ham faoliyatida yangi chorlovga tayyor ekani aytilmoqda. Rodri 2019-yildan buyon “shaharliklar” sharafini himoya qilib kelmoqda. U Angliya klubiga Madridning boshqa bir jamoasi — “Atletiko”dan o‘tgan edi. “Manchester Siti” tarkibida u ko‘plab sovrinlar, jumladan, Chempionlar Ligasi g‘olibligi va olti bor Angliya chempionligini qo‘lga kiritgan.













