«Napoli» bosh murabbiyi Antonio Konte A Seriya 31-turi doirasidagi «Milan» ustidan qozonilgan g‘alabadan (1:0) so‘ng, milliy terma jamoa boshqaruviga qaytishi mumkinligi haqida gapirdi.
«Agar men Italiya futbol federasiyasi (FIGC) prezidenti bo‘lganimda, o‘zimni terma jamoa murabbiyligiga nomzod sifatida ko‘rib chiqqan bo‘lardim. Lekin shartnomam bo‘yicha yana bir yilim bor, keyin kelajakni muhokama qilish uchun Aurelio De Laurentis bilan uchrashaman.
O‘tgan yili, so‘nggi uch oy davomida mening «Yuventus»ga o‘tishim mumkinligi haqida gaplar yurganini unutmaslik kerak. Yoki men adashyapmanmi? Ba’zi jihatlarga oydinlik kiritib olish lozim.
OAV mening nomimni nomzodlar qatorida tilga olishini to‘g‘ri deb hisoblayman. Menda terma jamoada ishlash tajribasi bor va u yerdagi muhitni bilaman — bu, shubhasiz, yoqimli, chunki o‘z mamlakatini ifoda etish katta baxt. Biroq hozirgi holatimni bilasiz — bor e’tiborimiz «Napoli» bilan ishlashga qaratilgan.
Juda afsusdaman. Agar biz Jahon chempionatiga chiqqanimizda, bu hozir yaxshi holatda bo‘lgan Italiya futboli uchun katta yutuq bo‘lardi. Futbolda nimalar bo‘layotganining mag‘zini chaqishingizni istayman. Bu bizning saralashdan o‘ta olmaganimiz bilan bog‘liq birinchi holat emas. O‘ylaymanki, ketma-ket uchta Jahon chempionatini o‘tkazib yuborgandan so‘ng, keskin choralar ko‘rish vaqti keldi», — deya Kontening so‘zlarini keltirmoqda La Repubblica.













