Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Antuan Grizmann jamoaning Chempionlar ligasi yarim finaliga chiqqanidan keyingi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Seshanba kuni «matraschilar» o‘z uylarida «ko‘k-anorranglilar»ga imkoniyatni boy berishdi (1:2), biroq ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (3:2) baribir keyingi bosqichga yo‘l olishdi. «Kamp Nou»da kechgan dastlabki bahsdagi 2:0 hisobidagi g‘alaba hammasini hal qildi.
«Men juda xursandman. Bunday darajadagi o‘yinlarda ikkita xato qimmatga tushishi mumkin. Ikkinchi vaziyatda men o‘z pozisiyamda bo‘lmadim va to‘pni yo‘qotdim. Keyinchalik muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi va mahoratimiz evaziga gol urishga muvaffaq bo‘ldik.
Keyingi bosqichda kimga qarshi o‘ynashimizning ahamiyati yo‘q. Eng muhimi — biz hali ham kurashdamiz. Bugun juda ajoyib va juda qiyin o‘yin bo‘ldi, chunki biz juda kuchli harakat qiladigan fantastik jamoaga qarshi to‘p surdik. Oson bo‘lmadi, lekin biz uddaladik», – deya Grizmannning so‘zlarini keltiradi UEFA.













