Myunxenning «Bavariya» klubi darvozaboni Manuel Noyer Chempionlar ligasi chorak finalidan o‘rin olgan «Real Madrid»ga qarshi javob uchrashuvida jamoasining penaltilar seriyasidagi imkoniyatlarini baholadi.
Dastlabki o‘yinda «Bavariya» raqibidan ustun kelgan edi (2:1). Javob bahsida madridliklarning har qanday bitta to‘p farqi bilan qozonadigan g‘alabasi o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga olib keladi.
«Siz raqib o‘yinchilarini va ularning nimani afzal ko‘rishlarini bilasiz. Tahlillar oldindan o‘tkaziladi. Biroq darvozabon sifatida raqibning xayolidan nimalar o‘tayotganini sezish qobiliyatingizni ham rivojlantirishingiz kerak. Men aynan shunga qarab harakat qilishga intilaman», — dedi darvozabon UYEFA matbuot xizmatiga.
Shuningdek, u 2012 yilda madridliklarga qarshi kechgan va o‘zi g‘olib sifatida chiqqan penaltilar seriyasini yodga oldi. Noyerning so‘zlariga ko‘ra, bu safar ham hammasi xuddi shunday yakunlanishi kafolatlanmagan.













