Himoyachi Stefan de Vrey katta ehtimol bilan joriy mavsum yakunlanganidan keyin «Inter»ni tark etadi. la Repubblica nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Milan klubi gollandiyalik futbolchi bilan shartnomani uzaytirmaydi. Uning «Al-Sadd» klubiga o‘tishi kutilmoqda.
«Inter» de Vreyning o‘rniga o‘rinbosar sifatida «Roma» himoyachisi Janluka Manchini nomzodini ko‘rib chiqmoqda.
Janluka Manchini 2020 yilda «Atalanta»dan 24 million yevro evaziga «Roma»ga o‘tgan edi. Uning «bo‘rilar» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan.
Joriy mavsumda 29 yoshli futbolchi Rim klubi safida barcha musobaqalarda 39 ta o‘yinda qatnashib, 2 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali Manchinining qiymatini 15 million yevroga baholamoqda.













