Nyu-Jersi gubernatori Mayki Sherrill FIFAdan JCH-2026 vaqtida muxlislarning transport xarajatlarini qoplashni talab qildi.
Avvalroq The Athletic nashri Nyu-Jersining eng yirik transport kompaniyasi — NJ Transit jahon chempionati vaqtida Nyu-Yorkning Pensilvaniya vokzalidan «Metlayf Stedium» stadionigacha bo‘lgan borish va qaytish chiptalari narxini 100 dollargacha ko‘tarishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Vaholanki, bunday chiptalarning odatiy narxi 12,9 dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, JCH-2026 paytida fuqarolarning alohida toifalari, jumladan, bolalar, keksalar va imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun imtiyozlar bekor qilinadi.
«Biz FIFA jahon chempionatidagi transport xarajatlari uchun bir dollar ham ajratmaydigan kelishuvni meros qilib oldik. NJ Transit muxlislarni o‘yinlarga xavfsiz yetkazib qo‘yish va qaytarib olib kelish uchun 48 million dollar sarflashi kerak bo‘lgan bir paytda, FIFA 11 milliard dollar foyda ko‘radi.
Men Nyu-Jersi aholisini bu xarajatlarni yana uzoq yillar davomida to‘lashga majbur qilmoqchi emasman. Transport xarajatlarini FIFA to‘lashi kerak. Agar ular buni qilmasa, men Nyu-Jersining to‘lashiga yo‘l qo‘ymayman», – deb yozdi Sherrill o‘zining Twitter (X) sahifasida.













