Madridning “Real” klubi jamoaning uch nafar asosiy yulduzi borasidagi bir qarorga keldi. El Mundo nashri jurnalistlarining xabar berishicha, “qirollik klubi” rahbariyati Kilian Mbappe, Vinisius Junior va Jud Bellingemni sotish haqida umuman o‘ylamayapti.
Klub mutasaddilari hozirgi tarkibning salohiyati juda yuqori ekaniga ishonchi komil. Shu sababli, Madrid jamoasi keyingi mavsumlarda ham aynan mana shu “uchlik”ka tayanmoqchi. Garchi jamoa joriy mavsumda kutilgan natijalarga to‘liq erisha olmagan bo‘lsa-da, rahbariyat barqarorlikni saqlab qolishni afzal ko‘rmoqda.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, klub rahbariyati Karlo Anchelotti, Xabi Alonso va Alvaro Arbeloa kabi mutaxassislar tarkibdagi futbolchilarning mahoratidan yetarlicha foydalana olmayotganidan norozi. Rahbariyat jarohatlar ko‘pligini tan olsa-da, futbolchilarning o‘zaro hamjihatligini ta’minlashni bevosita murabbiylarning burchi deb biladi.
Ma’lumot o‘rnida, “Real” hozircha 70 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. “Qirollik klubi” asosiy raqobatchisi “Barselona”dan 9 ochko ortda qolmoqda. Madridliklar Yevropa Chempionlar Ligasini ham erta tark etdi. Jamoa musobaqaning chorak final bosqichida Myunxenning “Bavariya” klubiga (umumiy 4:6 hisobida) imkoniyatni boy berib, turnir bilan xayrlashdi.













