Futbolda butun o‘yin taqdirini ba’zan juda kichik bir lahza o‘zgartirib yuborishi hech gap emas. Deylik, bosh bilan berilgan bitta mukammal zarba, oyoq yoki hatto qo‘l uchining to‘pga tegishi ham tarixiy natijani ta’minlashi mumkin. Oddiy misol, «Bernli» himoyachisi Aksel Tuanzebe soni bilan bergan zarbasi vositasida Kongo DR milliy jamoasini JCH-2026 final bosqichiga yetakladi. Aytish kerak, «leopardlar» 52 yillik tanaffusdan so‘ng yana mundial yo‘llanmasiga ega chiqishdi va «K» guruhiga tushishdi. Ya’ni o‘z tarixidagi ilk JCHga shaylanayotgan O‘zbekiston milliy jamoasining 3-raqibiga aylanishdi. Aksel Tuanzebe esa o‘z mamlakati uchun olamshumul natijadan so‘ng FIFA rasmiy sayti ijodkorlariga bergan intervyusida JCH-2026 saralashi qit’alaro «pley-off» bosqichi finalida Yamayka termasi darvozasiga urgan golini butun faoliyatidagi eng muhimi sifatida ta’rifladi.
– Aksel, yarim asrdan ziyod vaqt davom etgan tanaffusdan so‘ng qo‘lga kiritilgan mundial yo‘lanmasiga zamin yaratgan golingizni qanday baholaysiz?
– Shubhasiz, bu butun faoliyatimga tatiydigan eng muhim gol! Aytish shart emas, bunday lahzalar futbolchi hayotida kam uchraydi va barchasini so‘z bilan to‘liq ifodalash juda qiyin. Muhimi, jamoamiz bilan xalqimiz yillar davomida kutgan natijani ta’minladik, katta orzuni ro‘yobga chiqardik. Xullas, JCH-2026ga yo‘l olganimiz nafaqat jamoamiz, balki butun mamlakatimiz uchun ulkan yutuq hisoblanadi. Shunday ekan, o‘sha hal qiluvchi gol o‘yinda kuzatiladigan oddiy voqelik emas. Bu – hissiyot, mas’uliyat va tarixiy burilishni o‘zida mujassam etgan katta hodisot. Biz uchun mundial sari yo‘l ochgan golni boshqacha ifodalab berolmayman.
– O‘yindagi o‘sha hal qiluvchi lahza qanday yuz berganini eslasak…
– Uchrashuvning asosiy vaqtida g‘olib aniqlanmagach, qo‘shimcha bo‘limlarga murojaaat qilindi. Uchinchi bo‘lim oxirlab borayotgan pallada esa burchak zarbasi tepish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Oniy lahzada raqib himoyasida kichik bo‘sh hudud borligini payqadim va darhol markaz tomon talpindim, keyin to‘pni darvozaga yo‘lladim. Ha, to‘p oyog‘imga ideal tarzda tushmadi, lekin bunday lahzalarda muhimi – chiroyli zarba yo‘llash emas, balki tezkor qaror qabul qilish va vaziyatdan oqilona foydalanish. Xullas, barchasi bir nuqtada tutashdi: tezkor qaror, vaziyatdan maksimal darajada samara chiqarish harakati va ozgina omad. Shu tariqa jamoamizga tarixiy natijani taqdim etdim.
– Aytingchi, butun bir millat umidi tikilgan o‘yinda bosimni yengib o‘tish qanchalik qiyin?
– Mohiyatan qaraganda, bunday miqyosdagi hal qiluvchi o‘yinda bosimni sezmaslikning umuman iloji yo‘q. Ayniqsa, birinchi bo‘limda harakatlarimizda asabiylik va mas’uliyat yuki yaqqol sezildi. Chunonchi, turnirning ahamiyati bizga psixologik jihatdan ham boshqacha ta’sir ko‘rsatdi. Shuning uchunmi, boshida o‘yinni to‘liq nazorat qilishda ancha qiynaldik, ba’zi vaziyatlarda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ydik. Xayriyatki, vaqt o‘tishi bilan tonusga tushib oldik hamda ikkinchi bo‘limda ancha dadil o‘ynay boshladik.
– Tarixiy g‘alabadan so‘ng maydonda nimalar ro‘y berdi, ichingizda qanday his-tuyg‘ular jo‘sh urdi?
– Final hushtagi yangrashi bilan barchamiz hissiyotlar domiga tushib, yettinchi osmonda parvoz qila boshladik. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Axir bu yillar davomida orziqib kutilgan g‘alaba, millionlab qalblar orzusining amalga oshishi edi. Maydonda va uning atrofida cheksiz quvonchni tuydik, yelkamizdan tog‘ ag‘darilganini his qildik, hatto xursandchilikka ko‘z yoshlari aralashib ketdi. Eng ta’sirli lahzalardan biri shuki, o‘yindan so‘ng raqib jamoa yetakchisi Leon Beyli oldimga kelib, chin yurakdan tabriklab, samimiy quchoqlab qo‘ydi. Bunday holat futbol naqadar katta sport turi ekanligiga yaqqol dalildir.
– Xo‘sh, JCH-2026ga qanday maqsad va vazifalarni ko‘zlagan holda borasizlar?
– Jahon chempionati futbol olamining eng nufuzli va muhim turniri hisoblanadi, shubhasiz. Bunday musobaqada ishtirok etish har bir futbolchi uchun sharaf va katta mas’uliyatdir. Albatda, ushbu forumda shunchaki, qatnashish emas, mamlakatimizni munosib tarzda namoyon etishni o‘ylayapmiz. Oddiy aytganda, bo‘lajak mundialda o‘z darajamizni ko‘rsatib, Kongo DR futbolini yangi bosqichga ko‘tarishimiz kerak.
MUHAMMADXON tayyorladi













