Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/04 00:00 Atletiko 3-2 Atletik Bilbao
26/04 15:30 Fiorentina 0-0 Sassuolo
26/04 17:00 Rayo Valyekano 3-3 Real Sosyedad
26/04 18:00 Jenoa 0-2 Komo
26/04 19:15 Real Ovyedo 1-2 Elche
26/04 21:00 Torino 2-2 Inter
26/04 21:30 Osasuna 2-1 Sevilya
26/04 23:45 Milan 0-0 Yuventus
27/04 00:00 Vilyarreal 2-1 Selta
27/04 19:00 Mash’al - Buxoro
27/04 19:00 OKMK - Lokomotiv
27/04 21:30 Kalyari - Atalanta
27/04 23:45 Lasio - Udineze
28/04 00:00 Man. Yunayted - Brentford
28/04 00:00 Espanyol - Levante
28/04 19:00 Andijon - Dinamo
28/04 19:00 So‘g‘diyona - Surxon
28/04 20:00 Paxtakor - Nasaf

Chempionlikdan uzoq poytaxtlar

Chempionlikdan uzoq poytaxtlar

Baho:
+ | -

Shotlandiya Premyer-ligasida sensasion natija yaqin: joriy mavsum «Reynjers» yoki «Seltik» emas, balki «Xarts» chempion bo‘ladi, chog‘i. Edinburg jamoasi abadiy seriyani buzish harakatida. Diqqat qiling, Shotlandiya ligasida uzoq 1960 yildan buyon poytaxt klubi ilk marta chempionlikni tantana qilishi mumkin. Xo‘sh, Yevropaning yana qaysi milliy ligalarida poytaxt vakillari uzoq vaqtdan buyon chempionlikdan bebahra qolishmoqda?

ROSSIYA – 8 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Lokomotiv» (2017/2018)

Shundan buyon chempionlikka erishgan klublar: «Zenit», «Krasnodar»

Moskvada kuchli klublar ko‘p. Misol uchun, hozirda RPL tarkibining to‘rtdan bir qismi Moskvadan. Biroq poytaxt 2018 yildan buyon chempionlikni ko‘rmadi. Darvoqe, o‘tgan asrning 80-yillari sobiq ittifoq chempionatida ham xuddi shunday seriya kuzatilgandi: «Dinamo» (Kiyev), «Dinamo» (Minsk), «Zenit» va «Dnepr» klublari qatorasiga 7 yil davomida Moskvani «oltin»siz qoldirgan. Agar joriy mavsum bosh sovrin yana Moskva halqa yo‘lidan tashqariga chiqsa, Rossiya poytaxtining chempion bo‘lolmaslik seriyasi 8 mavsumga yetadi – ichki antirekord.

ANGLIYA – 9 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Chelsi» (2016/2017)

Shundan buyon chempionlikka erishgan klublar: «Manchester Siti», «Liverpul»

London nafaqat APL, balki butun Angliya­da klublar soni bo‘yicha mutlaq rekordchidir. Deylik, joriy mavsum Buyuk Britaniya­ning shoh shahridan elitada naq 7ta jamoa o‘ynamoqda. Ha, «Arsenal» mavsumning katta qismida bo‘lajak chempiondek ttasavvur uyg‘otdi, ammo 1-o‘rinni yana qo‘ldan chiqarmasligiga kafolat yo‘q. Umuman, APLda 2004 yildan buyon Angliya poytaxtining 1ta klubigina g‘olib chiqqani chindan ham, juda hayratlanarli.

AVSTRIYA — 13 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Austriya» (2012/2013)

Shundan buyon chempionlikka erishgan klublar: «RB Zalsburg», «Shturm»

Venaning «Rapid» va «Austriya» klublari chempionlik unvonlari bo‘yicha Avstriyada yetakchi hisoblanadi (ikki klub tegishlicha 32 va 24 marta g‘olib chiqqan). Ammo vaziyat yangi asrning birinchi 10 yilligi o‘rtalarida keskin o‘zgardi: Red Bull konserni tasavvuriga o‘tgan «RB Zalsburg» katta moliyaviy ko‘mak vositasida chin gegemoniya o‘rnatdi va mavsum-2013/2014dan e’tiboran qatorasiga 10 marta chempionlikni nishonladi. To‘g‘ri, oxirgi 2 mavsumda chempionlik bayrog‘ini «Shturm» tortib oldi. Bu mavsum esa «Austriya» nihoyat, oltin kubokni Venaga qaytarmoqchi. Lekin chempionlik poygasi nihoyatda qizg‘in – «Shturm», «RB Zalsburg» va LASK klublari poytaxtni yana zafar kuyisiz qoldirmoqchi.

BOLGARIYA — 17 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Levski» (2008/2009)

Shundan buyon chempionlikka erishgan klublar: «Liteks», «Ludogores»

Joriy asrning birinchi 10 yilligi oxirigacha Bolgariya chempionatida musiqaga faqat Sofiya klublari buyurtma berdi – SSKA, «Levski», «Slaviya» va «Lokomotiv». Dastlabki ikkisi oltin medallar soni bo‘yicha ham ancha iilgarilab ketgan (SSKA – 31 karra chempion bo‘lsa, «Levski» 26 karra). Chempionlar reytingining 3-qatorida esa oxirgi 14 yilda 14 marta taxtga ko‘tarilgan «Ludogores» (Razgrad) ketmoqda. Bu klubni 2010 yili mahalliy biznesmen Kiril Domuschiyev sotib oldi va u milliy ligada dominant kuchga aylandi. To‘g‘ri, bu yil chempionlikning Sofiyaga qaytishi ehtimoli katta, chunki «Levski» turnir jadvalida «Ludogores»dan ancha ilgarilab ketdi.

NORVEGIYA — 21 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Volerenga» (2005)

Shundan buyon chempionlikka erishgan klublar: «Rusenborg», «Brann», «Stabek», «Myolde», «Stremsgodset», «Budyo-Glimt», «Viking»

O‘tgan asrning 90-yillari Norvegiya chempio­natida Tronxeymning «Rusenborg» klubi hukmronlik o‘rnatdi. Mavsum-2005da esa Osloning «Volerenga»si uning chempionlik seriyasi (ketma-ket 13 marta)ga chek qo‘ydi. O‘shandan buyon 7ta klub Elitseriyada g‘alaba bongini urdi, ammo Oslo hamon sukunat domida. Boz ustiga, poytaxt klublari bu vaqt ichida sov­ringa yaqinlashmadi ham.

ITALIYA — 25 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Roma» (2000/2001)

Shundan buyon chempionlikka erishgan klublar: «Yuventus», «Milan», «Inter», «Napoli»

Ha, asr boshidagi skudettolar Rim uchun oxirgilari bo‘lib qolmoqda: 2000 yili «Lasio», keyingisida esa «Roma» «A» seriya shohsupasiga ko‘tarilgandi. Keyinchalik «burgutlar» o‘rtamiyonaga aylanishdi, «bo‘rilar» esa kumush medal sindromidan aziyat chekishdi. Har holda, «Roma» yangi asrning dastlabki 10 yilligida naq 6 marta 2-o‘rinni egalladi. Italiya poytaxti uchun vaziyat yaxshilanayotganini aytish qiyin. Aksincha, raqobat sezilarli darajada oshdi. Deylik, Diyego Maradona davridan buyon chempionlikni qo‘lga kiritolmagan «Napoli» yana favoritlar qatoriga qo‘shildi va 2023 yili «quruq» seriyasiga barham berdi.

SHOTLANDIYA — 66 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Xarts» (1959/1960)

Shundan buyon chempionlikka erishgan klublar: «Seltik», «Reynjers», «Dandi», «Dandi Yunayted», «Kilmarnok», «Aberdin»

Shotlandiyada futbol muxlislari uchun bitta shahar bor: Glazgo. Har holda, mavsum-1985/1986-dan buyon chempionlik «Celtik» va «Reynjers» o‘rtasida aylanmoqda. O‘tgan asrning 80-yillari boshida esa «Dandi», «Dandi Yunayted», «Aberdin» va «Kilmarnok» 1 martadan oltin medalni qo‘lga kiritgan. Poytaxt – Edinburgda esa chempionlik ta’mini totib ko‘rgan 2ta taniqli klub bor: «Xibernian» va «Xarts». Mana, joriy mavsum kutilmagan hodisa yuz berishi mumkin: «Xarts» SHPLda ishonch bilan yetakchilik qilmoqda.

GERMANIYA — 95 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Gerta» (1931)

Shundan buyon chempionlikka erishgan klublar: «Bavariya», «Fortuna» (Dyusseldorf), «Shalke», «Nyurnberg», «Gannover», «Rapid» (Vena), «Drezdner», «Mangeym», «Shtutgart», «Kayzerslautern», «Rot-Vayss» (Essyen), «Borussiya» (Dortmund), «Ayntraxt» (Frankfurt), «Gamburg», «Kyoln», «Verder», «Myunxen 1860», «Ayntraxt» (Braunshveyg), «Borussiya» (Menxengladbax), «Volfsburg», «Bayer»

Berlin yaqin orada oxirgi chempionlikning 100 yilligini nishonlasa, ajabmas. Poytaxt vakili Germaniyada Bundesliga tashkil etilishidan 30 yil oldin, aniqrog‘i, mavsum-1931da chempion bo‘lgandi. Shundan buyon G‘arbiy Germaniyaning 21ta jamoasi oltin medal sohibiga aylandi. Jumladan, 1941 yili «Rapid» (Vena) ham chempionlikni nishonladi (Germaniya Avstriyani o‘z tarkibiga qo‘shib olgandi). Ha, GDR davrida Berlin klubi zafarga erishgan. Deylik, «Dinamo» 10 marta chempionlik sharobini ichgan. Ammo bu mamlakat endi mavjud emas. Boz ustiga, 1949-1990 yillar GFR poytaxti sanalgan Bonn shahri jamoalari ham hech qachon milliy chempionatda g‘olib chiqmagan.

UELS — HECH QACHON

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: –

Chempionlikka erishgan klublar: «Kumbran Taun», «Bangor Siti», «Barri Taun», «Ril», «Llanelli», «Nyu-Seynts», «Konnas-Ki Nomads»

Uelsda milliy chempionat faqat 1992 yili yo‘lga qo‘yilgan. Ammo 34 yil ham katta muddat, baribir. Ortda qolgan vaqt davomida 7ta shahar klubi g‘alaba nashidasini surdi, ammo poytaxt – Kardiff jim. To‘g‘ri, mahalliy gigantlar qo‘shni ligada o‘ynaydi. Deylik, «Kardiff Siti» agar Angliya emas, Uels ligasida ishtirok etganida, ehtimol, bir necha marta chempionlikni rasmiylashtirardi.

TURKIYA – HECH QACHON

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: –

Chempionlikka erishgan klublar: «Galatasaroy», «Fenerbaxche», «Beshiktosh», «Istanbul Bashakshehir», «Trabzonspor», «Bursaspor»

Istanbul Turkiyaning eng yirik shahri ekanligini hamma biladi. Hatto ko‘pincha aynan Istanbulga mamlakat poytaxti sifatida qaraladi. Biroq fakt shuki, bir asrdan oshdiki, Anqara rasmiy poytaxt hisoblanadi. Bu shaharda esa futbol holati juda yomon. Anqaraning eng yaxshi jamoalaridan biri «Genchlerbirligi» qatorasiga 4 mavsum Ikkinchi ligada o‘ynadi va atigi 7 oycha oldin Superligaga qaytdi. «Kechiorengyujyu» Ikkinchi liganing o‘rtamiyonalaridan biri, «Anqaragyujyu» esa «lift-jamoa» maqomida. Xullas,  Anqaradan yaqin orada Turkiya chempioni chiqishi ehtimoli yo‘q, hisob.

SHUNINGDEK…

ANDORRA — 13 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Luzitanos» (2012/2013)

MOLDOVA — 15 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Dachiya» (2010/2011)

ISROIL – 18 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Beytar» (2007/2008)

LYUKSEMBURG — 32 YIL

Poytaxtning chempionlikka erishgan oxirgi klubi: «Avenir Beggen» (1993/1994)

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: Интерфутбол газетаси
Kiritildi: 07:33, 27.04.2026.
O'qildi: 401 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик