Portugaliyalik mutaxassis Ruben Amorim 2026/27 yilgi mavsumda tanaffus olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda A Bola nashri xabar bermoqda.
Shu yilning yanvar oyida «Manchester Yunayted»dan iste’foga chiqarilgan murabbiy hozirda ishsiz hisoblanadi. Qayd etilishicha, bir qator klublar, xususan, APL vakillari tomonidan qiziqishlar bo‘layotganiga qaramay, mutaxassis yaqin bir yilni o‘z ko‘nikmalarini rivojlantirish va yangi bilimlar olishga sarflamoqchi. Ushbu davrda Amorim o‘zi uchun namuna deb bilgan boshqa murabbiylar bilan tajriba almashishni va ularning ish uslublarini o‘ziniki bilan solishtirishni maqsad qilgan.
Shu bilan birga, Amorim faqat xorijdan jiddiy taklif tushgan taqdirdagina o‘z rejalarini o‘zgartirishi mumkinligini istisno etmagan. Murabbiy Portugaliyaga qaytish variantini ko‘rib chiqmayapti va faoliyatini chet elda davom ettirish niyatida.













