«Ayaks» yarim himoyachisi Miki Godts faoliyatini Angliya Premyer-ligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Teamtalk nashri xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 20 yoshli belgiyalik iqtidor sohibiga «Manchester Yunayted», «Liverpul», «Arsenal» va «Chelsi» kabi klublar jiddiy qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, futbolchi Kataloniyaning «Barselona» klubi short-listidan ham o‘rin olgan.
Godtsning Amsterdam klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, uning transfer narxi ayni damda 25 million yevroga baholanmoqda. Joriy mavsumda Miki «Ayaks» safida barcha musobaqalarda 39 ta o‘yinda maydonga tushib, 16 ta gol va 13 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning mahsuldorligi Yevropa grandlari e’tiborini tortmoqda.













