UEFA va FIFA toifasidagi mashhur hakamlardan biri Britaniya polisiyasi tomonidan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan nomaqbul harakatlar sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda The Sun nashri xabar bermoqda.
Tergov versiyasiga ko‘ra, voqea mehmonxonaning umumiy hududida sodir bo‘lgan. Hakam o‘smir qiz bilan suhbatlashib, unga nisbatan tegajog‘lik qilgan va o‘z xonasiga taklif etgan. Jarohatlangan tomonning murojaatidan so‘ng polisiya ish boshlagan. Qizig‘i shundaki, arbitr voqeadan so‘ng navbatdagi yevrokubok o‘yinini boshqarishga ulgurgan va ortga qaytgach, UEFA vakillari ko‘z o‘ngida qo‘lga olingan. Hozirda u garov evaziga qo‘yib yuborilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu hakam JCH-2026 bahslarini boshqarish uchun tasdiqlangan ro‘yxatdan o‘rin olgan edi. FIFA va UEFA tergov yakunlangunga qadar arbitrni barcha turdagi rasmiy uchrashuvlardan chetlatishga qaror qildi. Hozircha hakamning ismi-sharifi tergov manfaatlari yuzasidan oshkor etilmayapti.













