Italiya futboli atrofidagi mashmashalar yangi bosqichga chiqdi: mamlakat klublari va terma jamoalari UEFA shafeligidagi barcha musobaqalardan chetlatilish xavfi ostida qoldi. Corriere della Serra nashrining yozishicha, bunga Italiya hukumatining futbol ishlariga ehtimoliy aralashuvi sabab bo‘lishi mumkin.
Gap shundaki, Italiya terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqa olmagani va mahalliy futbolni larzaga keltirgan hakamlik mojarolari fonida Sport vazirligi qat’iy choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda. Xususan, federasiyaga tashqi komissar tayinlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Biroq UEFA bunday ssenariyga qat’iyan qarshi. Yevropa futbol ittifoqi 22 iyunga belgilangan federasiya prezidentligi uchun saylovlar «dunyoviy» hokimiyatning aralashuvisiz o‘tishini talab qilmoqda.
Agar siyosatchilar futbol boshqaruviga bevosita aralashadigan bo‘lsa, UEFA buni nizom buzilishi deb baholaydi. Bu esa nafaqat klublarning yevrokuboklardan chetlatilishiga, balki Italiyaning Yevro-2032 mezbonligidan mahrum etilishiga ham olib kelishi mumkin.













