«Barselona» klubi tarbiyalanuvchisi, ayni damda ijara asosida «Monako» sharafini himoya qilayotgan Ansu Fati o‘z jamoasida yangi imkoniyatga ega bo‘lmasligi mumkin.
Diario Sport nashrining xabar berishicha, Kataloniya grandi rahbariyati 23 yoshli futbolchi bilan xayrlashish niyatida. Hattoki Fransiya klubi futbolchini 11 million yevro evaziga sotib olish huquqidan foydalanmagan taqdirda ham, «ko‘k-anorranglilar» hujumchini transferga qo‘yishadi.
Qayd etilishicha, «Barselona» mutasaddilari Fatining Fransiyadagi o‘yinida ma’lum o‘sish bor deb hisoblasa-da, bosh murabbiy Xans-Diter Flik va sport direktori Deku klubdagi «yashirin qoida»ga amal qilishmoqda. Unga ko‘ra, asosiy tarkibga kirish imkoniyati past bo‘lgan futbolchilar jamoada qolmasligi kerak.
Ma’lumot o‘rnida, Transfermarkt portali ayni damda Ansu Fatining bozor qiymatini 15 million yevroga baholagan.













