«Arsenal» Madriddan mehmondagi durang bilan qaytmoqda. Natijani qoniqarli deb atash mumkin bo‘lsa-da, «kanonirlar»ning o‘yini haddan tashqari ishonchsiz chiqdi va jamoa hatto mag‘lubiyatga loyiq edi. Agar ikkinchi bo‘lim boshidan bir nechta seyvlarni amalga oshirgan darvozabon David Rayya bo‘lmaganida, londonliklar ancha katta muammolarga duch kelishlari mumkin edi. Eng qizig‘i, bu muammolarni futbolchilarning o‘zlari sun’iy ravishda yuzaga keltirishdi.
Xo‘sh, Madriddagi bahsda «Arsenal»ning qaysi futbolchilari jamoa o‘yinini orqaga tortdi? Stadion.uz nashri Mikel Arteta shogirdlarining o‘yinini baholab chiqdi (o‘yin boshida – 6, yakunda bo‘lishi mumkin bo‘lgan maksimal baho – 10).
«Atletiko»ga qarshi o‘yinda «Arsenal»ning eng yomon 4 futbolchisi:
Ben Uayt — 3,0. «Arsenal» mudofaasining o‘ng qanotida haqiqiy «falokat» yuz berdi. Ademola Lukman bu qanotdan jarima maydonchasiga xuddi o‘z uyidagidek bemalol kirib bordi. Uaytning e’tiborsizligi tufayli Lukman ikkita yaqqol golli vaziyatga ega bo‘ldi va darvozaga to‘rt bor zarba berdi.
Bundan tashqari, Markos Lyorentening uzatmasini qo‘l bilan to‘xtatib qolgan Uayt o‘z darvozasiga penalti belgilanishiga ham sababchi bo‘ldi.
Pyero Inkapye — 3,0. Himoyaning chap qanotida ham ahvol maqtanarli bo‘lmadi. Antuan Grizmann «uyg‘ongan» paytda Inkapye yoshi katta fransuzning ortidan ulgurolmadi. Grizmann bir marta darvoza to‘sinini poylagan bo‘lsa, yana bir xavfli zarbasini darvozabon qaytardi.
Inkapye esa o‘yin davomida birorta ham to‘p olib qo‘yishni amalga oshira olmadi.
Vilyam Saliba — 3,0. «Arsenal» himoyasini Xulian Alvares ham «qiynab» tashladi. Argentinalik hujumchi Salibadan ancha tezkor va aqlliroq harakat qildi. Birinchi bo‘limda Salibaning xatosidan so‘ng Alvares xavfli zarba yo‘llagan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda ham unga qarshilik ko‘rsatadigan odam topilmadi. Saliba raqibni shunchaki masofadan kuzatib turdi va faol himoyalanmadi.
Gabriel Martinelli — 3,0. Jamoaning hujum chizig‘i ham porlamadi. Agar Dyokeresh penalti ishlagan, Edegor va Madueke vaqti-vaqti bilan harakat qilgan bo‘lsa, Martinelli maydonda shunchaki «yo‘qolib qoldi». Arteta uni nega 68 daqiqa davomida maydonda ushlab turgani tushunarsiz. Gabi 8 ta yakkakurashning 6 tasida mag‘lub bo‘ldi, ikki marta dribling paytida to‘pni yo‘qotdi va birorta ham xavfli vaziyat yarata olmadi.













