«Barselona» klubining markaziy himoyachisi Andreas Kristensen uchun Kataloniyadagi faoliyat yakuniga yetayotgan bo‘lishi mumkin.
Sport nashrining xabar berishicha, 30 yoshli daniyalik futbolchining amaldagi mehnat shartnomasi shu yilning yozida nihoyasiga yetadi. Klub rahbariyati futbolchiga yangi kelishuv taklif qilgan, biroq unda maoshning sezilarli darajada kamayishi ko‘zda tutilgan. Kristensen esa moliyaviy shartlari ancha pasaytirilgan ushbu variantga rozilik bermagan.
Hozirda tomonlar o‘rtasidagi kelishuv ehtimoli past baholanmoqda, bu esa himoyachining yozda jamoa bilan xayrlashishini anglatadi. Qayd etish joizki, Andreas Kristensen tizzasidan olgan jarohati sababli o‘tgan yilning dekabr oyidan beri maydonga tushgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, daniyalik futbolchi 2022 yilning yozida Londonning «Chelsi» klubidan erkin agent sifatida «Barselona» safiga kelib qo‘shilgan edi.













