Eron delegasiyasi Kanadaning Vankuver shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) kongressida ishtirok etmaydi. Bu haqda Reuters nashri Eronning Tasnim axborot agentligiga tayanib xabar berdi.
Kanada Tashqi ishlar vaziri Anita Anandning ma’lum qilishicha, delegasiya a’zolarining mamlakatga kirish ruxsatnomasi bekor qilingan.
“Menda bu borada to‘liq ma’lumot yo‘q, ammo tushunishimcha, ruxsatnoma bekor qilingan. Bu ataylab qilinmagan, vaziyat bo‘yicha aniqroq izoh berish huquqini tegishli vazirga qoldiraman”, dedi Kanada TIV rahbari.
Eron futbol federasiyasi prezidenti Mehdi Taj va bosh kotib Hedayat Mombeyni OFK hamda FIFA kongresslarida qatnashish uchun Kanadaga yetib kelgan edi. Biroq delegasiya vakillari Toronto aeroportida immigrasiya xizmati xodimlarining “noprofessional harakatlari”ga duch kelganliklarini bildirishgan.
Kanada hukumati mazkur holat yuzasidan o‘zining rasmiy pozisiyasini ma’lum qildi:
“Maxfiylik qonunchiligi tufayli alohida holatlar bo‘yicha izoh bera olmasak-da, hukumatning pozisiyasi aniq: Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGS) rasmiylarining Kanadaga kirishi taqiqlangan. Biz IRGS’ni javobgarlikka tortish, kanadaliklar xavfsizligini ta’minlash va immigrasiya tizimi yaxlitligini himoya qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishda davom etamiz”.
Kanadaning Jamoat xavfsizligi vaziri Gari Anandasangari ham Inqilobiy gvardiya a’zolari mamlakatda xush ko‘rilmasligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Raoul Vallenberg nomidagi Inson huquqlari markazi Mehdi Tajga maxsus ruxsatnoma berilganini tanqid ostiga olib, bu qaror Kanada hukumatining IRGS’ga qarshi kurashish va’dalariga zid ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa doirasida Eron terma jamoasi guruh bosqichidagi o‘yinlarini 15 iyun kuni Los Anjelesda Yangi Zelandiyaga qarshi bahs bilan boshlaydi. Shundan so‘ng, jamoa 21 iyun kuni yana o‘sha shaharda Belgiya termasi bilan bahslashsa, 26 iyun kuni Sietl shahrida Misr terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.













