Xansi Flik "Barselona" bilan shartnomasini 2028 yilgacha uzaytirishga yaqin turgan bir paytda, nemis mutaxassisi keyingi mavsum uchun rejalarini tuzib chiqdi.
Uning asosiy ustuvor vazifalaridan biri — "La Masiya" yoshlariga bo‘lgan ishonchni davom ettirish bo‘ladi. Zero, Flikning boshqaruvi davrida bu siyosat o‘z mevasini berib ulgurdi.
Diario Sport nashrining xabariga ko‘ra, Flik Xavi Espart va Tommi Markesni o‘z kuzatuviga olgan. U ushbu futbolchilarni doimiy ravishda asosiy jamoaga o‘tkazish va ularning o‘sishini shaxsan nazorat qilishni rejalashtirmoqda.
18 yoshli ispaniyalik o‘ng qanot himoyachisi Espart joriy mavsumda asosiy jamoa mashg‘ulotlarida faol ishtirok etdi. Flik uni Germaniya futboli afsonasi Filipp Lamga qiyoslamoqda. Jyul Kundening formasi pasayib borayotganini hisobga olsak, keyingi mavsumda Espart uchun katta sahnada o‘zini ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat tug‘iladi.
O‘z navbatida, goh asosiy tarkibda, goh zaxirada ko‘rinish berayotgan 19 yoshli Markes Mark Kasadoga o‘rinbosar sifatida ko‘rilmoqda. Kasado o‘yin amaliyoti kamligi sababli shu yozda jamoani tark etishi kutilyapti. Markes "Barsa" safidagi debyutini shu yilning fevral oyida "Malyorka"ga qarshi bahsda nishonlagan edi.













