«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik braziliyalik hujumchi Rafinya Diasning safga qaytgani borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Bu futbolchi har doim maydonda 100 foiz bor imkoniyatini ishga soladi. U ancha qiyin kunlarni boshidan o‘tkazdi va uning safga qaytgani biz uchun juda muhim. Rafinya biz bilan birga o‘yinga yo‘l oladi, uyog‘ini esa ko‘ramiz», — deya Flikning so‘zlarini keltirmoqda The Touchline.
Eslatib o‘tamiz, Rafinya jarohati sababli mart oyi o‘rtalaridan beri maydonga tushmayotgan edi. Joriy mavsumda 29 yoshli vinger barcha musobaqalarda 31 ta o‘yinda ishtirok etib, 19 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Shanba kuni, 2 may sanasida «Barselona» safarda «Osasuna»ga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 23:00 da start olishi rejalashtirilgan.













